Joriy yilning 12 avgust kuni "Aloqabank" tomonidan OAV xodimlari uchun press-tur uyushtirildi. "Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish" mavzusiga bag‘ishlangan press-tur davomida "Kinder land of Asia" bog‘chasi, "Mehnat baxtli sut" MCHJ kolbasa sexi, "Dilbar uchterak savdo" bog‘chasi va "Colorpark" tipografiyasi faoliyati bilan tanishdik.
Press-tur "Kinder land of Asia" bog‘chasidan boshlandi.
Mazkur bog‘chada tarbiyalanuvchilar uchun 180 o‘rin ajratilgan.
"Hozircha bog‘chaga 1,5 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 70 ta bolani qabul qildik, – deydi bog‘cha mudirasi Feruza Qodirova. – Bog‘chada ham rus, ham o‘zbek guruhlari tashkil qilingan. Farzandlari uchun aynan bizning muassasani tanlayotgan ota-onalardan xursandmiz. Ularning ko‘pi bizni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali ko‘rgan va narxi qulayligini ta’kidlashmoqda".
Ma’lumot uchun, bog‘chada bir bola uchun to‘lov 2 300 ming so‘mni tashkil qiladi. Bog‘chadagi har bir xona tarbiyalanuvchining yoshiga, qabul qila olishiga qarab jihozlar va bolalar uchun maxsus buyumlar bilan to‘ldirilgan. Xatto ularni kichikligidan kasbga yo‘naltirish uchun maxsuslashtirilgan xonalar ham bor. Xonalardagi har bir detalga e’tibor qaratilgan. Masalan, kichik o‘yinchoqlar orqali bolalarda mayda qo‘l matorikasi rivojlanadi. Bu esa miya faoliyatiga yaxshi ta’sir o‘tkazadi.
Muassasada ko‘p sport to‘garaklari, jumladan, taekvondo, gimnastika va suzish mashg‘ulotlari bor. Bundan tashqari, til to‘garaklari ham mavjud. Ayni vaqtda 22 ta xodim faoliyat yuritmoqda. Pedagoklar ham, psixolog va tarbiyachilar ham oliy-ma’lumotli, o‘z kasbining mutaxassisi. Oshpazlar mahoratli va tajribaga ega. Trener ham sport ustasi.
"Biz bolalar kelajagi uchun yaxshi mutaxassislarni ishga olganmiz deb ayta olamiz, – dedi Feruza Qodirova. – Bolalar bog‘cha va maktabga suhbat asosida qabul qilinyapti. Suhbatga psixolog jalb qilinayotgan bo‘lsa, pediator va hamshiralarimiz qabulga kelgan har bir bolani sog‘ligini tekshirib olmoqda".
Bir so‘z bilan aytganda, bu bog‘chada hamma sharoit yetarli.
"Mehnat baxtli sut" kolbasa sexida ayni damda zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat olib borilmoqda.
Eng muhimi, bu yerda sifatli mahsulotlardan foydalaniladi. Mehnat sharoiti to‘liq muhofazalangan.
Ushbu kolbasa sexida 157 kishi ish bilan ta’minlangan.
"Dilbar uchterak savdo" bog‘chasida hozirda 350 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bu yerda tarbiyalanuvchilar turli to‘garaklarda ishtirok etishadi.
Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqshdir deb bejiz aytishmagan. Shu bois ham bog‘chadayoq bolalarga sifatli ta’lim berishga e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, bog‘chada bolalarning salomatligiga foydali bo‘lgan boshqa turli mashg‘ulotlar ham bor.
Ayni damda bog‘chada 65 nafar xodim bolalarga bor mehrini, e’tiborini berib kelmoqda.
“Colorpark” MCHJda ayni damda har tomonlama talabga javob beradigan kitoblar chiqarilmoqda. 330 kishini ish bilan ta’minlagan ushbu tipografiya chet eldan, xususan, Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
2003–2010 yillar davomida ushbu korxona dunyoning ko‘plab yetakchi matbaa kompaniyalari bilan aloqalar o‘rnatdi. Xorijning ilg‘or texnologiyalari, jumladan, bosma uskunalar, bosma mashinalar, sifat nazorati stansiyasi, bosma uskunalar to‘plami xarid qilindi. Bularga qo‘shimcha ravishda so‘nggi 3 yil ichida kompaniya Yevropaning materiallar va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilaridan, xususan, Germaniya kompaniyalaridan 8 million yevrodan ortiq uskuna xarid qildi. Shunisi quvonarliki, ushbu korxonaning ochilishi natijasida yuzdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Ta’kidlash joizki, matbaa sohasida ko‘plab sinovlarni yengib kelayotgan “Colorpark” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2003 yilda asos solingan, 15 mln yevro miqdorida investisiya kiritish hisobiga zamonaviy poligrafiya sohasi tashkil etilgan. 50 mlrd so‘m investisiya kiritish hisobiga esa bino va ob’ektlar qurilib obodonlashtirilgan.
Shu kunlarda “Colorpark” va “O‘qituvchi” bosmaxonalari negizida tashkil yetilgan matbaa majmuasi sifatli, samarali ofset va raqamli bosib chiqarish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Bosmaxonada Markaziy Osiyo mintaqasida tengsiz noyob zamonaviy matbaa uskunalari to‘plami mavjud.
Majmuani bir hududda tashkil etishdan asosiy maqsad zamonaviy yondashuvlar asosida yiliga 40 million nusxadan ortiq sifatli kitob va jurnal mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatini yaratish va, albatta, zamonaviy standartlarga javob beradigan sifatli darsliklar va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlashdir.