Evropa Chempionlar Ligasining 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqich 1-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuv yakunlandi. Manchesterdagi “Old Trafford” stadionida Angliyaning “Manchester Yunayted” jamoasi Ozarbayjonning “Sabah” klubini qabul qildi. Fransiyalik bosh hakam Villi Delajo boshqargan uchrashuv 4:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.
O‘yinning 27-daqiqasida “Manchester Yunayted” hujumchisi Mateus Kunya hisobni ochdi. 43-daqiqada jamoa sardori Brunu Fernandesh ikkinchi golni urdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, 45-daqiqada Benyamin Sheshko uchinchi to‘pni kiritdi. Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida esa himoyachi Lisandro Martines jamoasining to‘rtinchi goliga mualliflik qilib, o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Mazkur uchrashuv “Sabah” klubi uchun Chempionlar Ligasidagi debyut o‘yin bo‘ldi. Shuningdek, bahsda o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Umarali Rahmonaliyev mehmonlar asosiy tarkibida maydonga tushdi. Rahmonaliyev o‘yinda 71 daqiqa o‘ynadi va shundan so‘ng uning o‘rniga Abdulloh Xaybulayev tushirildi. “Sofascore” portali futbolchining ushbu o‘yindagi harakatlarini 6.5 ballga baholagan.
Ma’lumot uchun, umumiy bosqichning 2-turida “Manchester Yunayted” 13 oktyabr kuni “Atletiko Madrid” bilan, “Sabah” esa xuddi shu kuni Praganing “Slaviya” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Evropa Chempionlar Ligasi, 1-tur
“Manchester Yunayted” — “Sabah” 4:0
Gollar: 1:0 — Kunya (27), 2:0 — Fernandesh (43), 3:0 — Sheshko (45), 4:0 — Martines (68).