Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha rahbari Vladimir Voronkov jahon mamlakatlarini Suriyaning shimoli-sharqidagi ulkan lagerda qolib ketgan 27 ming nafar bolani vataniga qaytarishga chaqirdi.
Ularning aksariyati bir vaqtlar Iroq va Suriyaning katta qismini nazorat qilgan ISHID jangarilarining o‘g‘il-qizlari hisoblanadi.
Vladimir Voronkov BMT Xavfsizlik Kengashining juma kuni bo‘lib o‘tgan norasmiy yig‘ilishida “al-Xol” lageridagi bolalarning dahshatli ahvoli bugungi kunda dunyodagi eng dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi.
“27 ming bola lager ichida ISHID kuchlari tomonidan o‘ldirilishi va radikallashish xavfi ostida qolmoqda» deydi Voronkov.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi qochoqlar va boshqa joyga ko‘chirilgan odamlar uchun eng katta lager bo‘lgan “al-Xol”da hozirda deyarli 62 ming kishi yashamoqda. Ularning 80 foizidan ko‘prog‘ini ayollar va bolalar tashkil etadi. Mazkur ayollar va bolalarning aksariyati ISHID jangarilari 2019 yilda Suriyadagi so‘nggi tayanch punktini boy berganidan keyin u yerga qochib kelgan. Shuningdek,mamlakatning shimoliy-sharqida yana bir qator lagerlar mavjud.
Voronkovning ta’kidlashicha, lagerlarda 60 mamlakatga tegishli bolalar bor bo‘lib, ular Suriyaga yoki lagerlarni nazorat qiluvchi guruhlarga emas, balki BMTga a’zo davlatlarga tegishli.
Ayni paytda kurd jangchilari “al-Xol” va boshqa lagerlarni hamda ISHIDning minglab jangarilarini qo‘riqlamoqda.