BAPOR tez-tez avtomobillarni to‘nash, o‘g‘irlash va halok bo‘lgan xodimlarning "misli ko‘rilmagan soni" sababli G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishi to‘xtatilganini e’lon qildi, deb yozadi DW.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (BAPOR) o‘g‘irlik va avtomobillarni to‘nash holatlari ko‘payganligi sababli G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini to‘xtatishga qaror qildi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 16 noyabr kuni gumanitar yuk ortilgan yuk mashinalari karvoni qurolli guruhlar tomonidan qo‘lga olingan. 30 noyabr kuni ham xuddi shunday holat yuz berdi: bir nechta oziq-ovqat yuk mashinalari o‘g‘irlab ketildi.
“Gumanitar ishchilar va yuklarni himoya qilish mas’uliyati bosqinchi davlat sifatida Isroilga yuklangan. Ular G‘azo sektoriga yordam xavfsiz yetkazilishini ta’minlashi kerak”, – deya qayd etdi tashkilot.
Agentlik matbuot kotibi Luiza Uotrijning Al-Jazira telekanaliga aytishicha, Isroildan G‘azo sektoriga insonparvarlik yuklarining asosiy kirish nuqtasi bo‘lgan Kerem Shalom o‘tish joyi orqali yordam yetkazish chog‘ida “ko‘plab hamkasblari halok bo‘lgan”.
“Ushbu qaror faqat ushbu konvoylarga xizmat ko‘rsatuvchi gumanitar xodimlarni himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilindi”, – dedi Uotrij.
BAPOR rahbari Filipp Lazzarinining aytishicha, insonparvarlik yordamining to‘xtatilishi G‘azo sektoridagi vaziyat butunlay yomonlashgan bir paytga to‘g‘ri keladi. Uning ta’kidlashicha, G‘azo sektoriga gumanitar yuklarni yetkazishning imkoni yo‘qligi “Isroil rasmiylarining to‘siqlari” bilan bog‘liq.
Avvalroq Isroil Birlashgan Millatlar Tashkilotini BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bosh agentligi (BAPOR) bilan 1967 yildan beri amalda bo‘lgan munosabatlarini tartibga soluvchi kelishuvni bekor qilgani haqida rasman xabardor qilgan edi.
Xalqaro hamjamiyat BAPORni muqobil gumanitar agentlikka almashtirish bo‘yicha rejalashtirilmagan qonunchilikdan xavotir bildirdi.