Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Birinchi prezident Muhammadjon Obidovni nega so‘kkandi?

Birinchi prezident Muhammadjon Obidovni nega so‘kkandi?

2000-yillar boshida Surxondaryoning Sariosiyo tumani tog‘li hududlarida o‘zbek harbiylari va terrorchilar o‘rtasidagi to‘qnashuv mamlakat tarixining qonli sahifalaridan biri sifatida ko‘pchilikning yodida qolgan, deya xabar berdi "to'gri.uz".

Oradan 19 yil o‘tib, terroristlar guruhi xavfining bartaraf etilishi tafsilotlari, hodisalarning ko‘p yillar noma’lum bo‘lib kelgan jihatlari ochilmoqda.

“He, sendaqa yolg‘onchi jurnalistni...”

Jumladan, Musulmon Namozning “Usmonovning oltinlari” hujjatli qissasidan o‘rin olgan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov va farg‘onalik jurnalist Muhammadjon Obidov orasida qolgan gaplar bayoni haqida ijtimoiy tarmoq sahifalarida keng muhokama boshlangan. Qissada shunday deyiladi:

“Shu payt Prezidentning nazari kutib oluvchilar orasidan baland bo‘yli bir kishiga tushib qoldi. Bu odamni ko‘rmaslik mutlaqo mumkin emas edi. Uning buyoqda bo‘layotgan gaplardan xabari yo‘q, nima qilib bo‘lsa ham, Prezident nazariga tushay, deb bo‘ynini cho‘zishi, o‘zini uyoqdan-buyoqqa urishi yig‘ilganlarning hammasini behalovat qilayotgandi.

Bu odam O‘zbekiston televideniyesining Farg‘ona vodiysi bo‘yicha muxbiri Muhammadjon Obidov bo‘lib, u ham besh-o‘n kundan buyon Sariosiyoda edi. Tuman hokimligining mehmonxonasida yotib yurganini ko‘ruvdim. Keyin bilishimcha, u televideniyening Surxondaryo bo‘yicha muxbiri Jo‘raqul Tursunovning Toshkentga uzatgan lavhalarini yomonlab, o‘zi borsa, juda zo‘r materiallar tayyorlashiga rahbarlarini ko‘ndirgan va shu yoqqa kelgan ekan.

Biroq yuqorida ham aytib o‘tganimday, jangarilar bilan bevosita urush harakatlari olib borilmayotgan, qo‘shinlarimiz ular joylashgan hududni o‘rab olib, bombardimon qilish bilangina chegaralanib turgan edi. Jangarilarning Sariosiyo tog‘laridan qochib qolgan bo‘lishi ham katta ehtimol bilan mumkin edi. Harbiylarimizning tozalash uchun jangarilar ilk bor o‘rnashgan o‘rmon ichiga kirishga hamon botinmayotganining yagona sababi – bir marta qovun tushirgan qo‘mondonlar ichida mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan mard topilmaganida, deb o‘ylayman. Ular tepadan bevosita buyruq kutib turishgandi, nazarimda.

Shu bois, Muhammadjon Obidov qahramonlik qilishga kech qolgan edi, desam to‘g‘riroq bo‘ladi. U juda xohlagan taqdirida ham urush harakatlarini tasvirga ololmasdi. Biroq arzon obro‘ topishning hadisini olgan telemuxbir bu safar ham yo‘lini topdi. U jangarilar o‘rnashgan hududdan salkam yuz kilometr naridagi Vaxshivor tog‘lariga chiqib, o‘zini xuddi dushman o‘qidan panalayotganday ko‘rsatib, vahimali bir material tayyorladi. O‘zbekiston televideniyesi bu lavhani rosa aylantirdi.

Uni ko‘rgan har bir kishi, jumladan Prezident ham, Surxondaryoda eng zamonaviy qurollangan dushmanga qarshi keskin va ayovsiz jang ketmoqda ekan, deb o‘ylagani aniq.

Prezidentning nigohi nogoh xuddi shu odamga tushib qoldi. U yonidagi odamlarga, ayting, anovini buyoqqa o‘tkazib yuborishsin, deb buyurishga ham sabrsizlanib, Muhammadjon Obidovni qo‘li bilan imlab buyoqqa chaqirdi.

O‘zini shaxsan Prezident chaqirayotganini ko‘rgan telemuxbirning o‘sha paytdagi yuz ifodasini mening tasvirlab berishim qiyin. Buning uchun kamida Abdulla Qodiriyning qalami bo‘lishi darkor. Lo‘nda qilib aytadiganim shuki, Prezident nazariga tushmoqdan telemuxbirning og‘zi qulog‘iga yetib, uzun qo‘llarini salanglatib kelaverdi. Oradagi masofa besh metrcha qolganida Prezident uzoqdagilar eshitmaydigan qilib shunaqa bolaxonador so‘kindiki, fikrini so‘kinish orqali yetkazishga o‘rgangan harbiylar ham bunchalik mahoratni ko‘rib, dong qotib qolishdi.

Telemuxbir ixtiyorsiz yana ikki-uch qadam tashladi, qo‘rquvdan uning ko‘zlari olayib ketgandi. Quloqqa yetgan og‘iz esa yig‘ishtirilmay, o‘shanday qotib qoldi. He, sendaqa yolg‘onchi jurnalistni... deb Prezident xumoridan chiqquncha so‘kdi.

Afsuski, men ularni qog‘ozga tushirolmayman, bunga betim chidamaydi. Voqealar rivojida sal oldinga ketib aytishim mumkinki, shundan keyin o‘sha telemuxbir O‘zbekiston televideniyesidan butunlay ketdi. Bu haqda shaxsan Prezidentning o‘zi topshiriq bergan bo‘lsa kerak, chunki bu voqealarga faqat harbiylar va men guvoh bo‘lganman.

Prezident telemuxbirni xumoridan chiqquncha so‘kib bo‘lgach, men tomon o‘girildi. Biroq bir og‘iz ham so‘z demadi. Faqat, har so‘zini yondaftarimga yozib olayotganimni ko‘rib, kerakmas, degan ma’noda bosh chayqadi”.

Muhammadjon Obidov kim?

Ma’lumot uchun, Muhammadjon Obidov 1951 yil 16 aprelda Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Obidov BBC’ga bergan intervyusida o‘zi haqida shunday degan:

“Muqaddam sudlanganman. 1975 yilda O‘zbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 15-175 moddasi bilan (olib-sotarlikka harakat qilgani uchun) 2 yilga ozodlikdan mahrum etilganman.

1958-1968 yillarda Marg‘ilondagi 14-maktabda, 1968-1973 yillarda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidim.

1972 yildan boshlab, xali talabalik chog‘imdayoq Toshkent televideniyesining "Yoshlik" studiyasida muharrir bo‘lib ishladim. Keyinchalik "Yosh Leninchi", "Sovet O‘zbekistoni" gazetalari, "O‘qituvchi" nashriyotida muxbir, muharrirlik qildim.

1990 yildan yana televideniyega qaytdim va u yerda 2005 yilga qadar "Axborot" direksiyasining maxsus muxbiri lavozimida ishladim.

Nasib qo‘shib, kasbim tufayli o‘ttizdan ziyod davlatda xizmat safarida bo‘ldim, mamlakatimiz mustaqilligi tarixi bilan bog‘liq eng muhim voqealarni – Mingbuloq neft favvorasi, Namangan viloyat kengashi binosini Tohir Yo‘ldosh, Juma Namangoniylar tomonidan egallab olinishi, Afg‘onistonga NATO kuchlari kiritilishi, Botken, Sariosiyo voqealari, Haj safarlari, buyuk bunyodkorlik qurilishlari va hokazolarni televideniye orqali yoritishda ishtirok etdim”.

Taqdirimdan mamnunman”.

Kiritildi: 07:15 10.08.2019. O'qildi: 8370 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!