Bugun 30 yanvar, 2023 yil, dushanba

КИР

Bir nechta hududlarda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bir nechta hududlarda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Departamentning Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “F.” MCHJ mas’ul shaxslari “nol” qiymatdagi binoda “Fitnes klubi” tashkil qilish maqsadida tijorat banki filialidan ajratilgan 1,7 mlrd so‘m kreditni boshqa maqsadlarda sarflab, kredit mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Rishton tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “J.R.” fermer xo‘jaligi rahbari E.X. va boshqalar hududiy tijorat banki mas’ul shaxslari bilan o‘zaro biriktirib, 4 ta tadbirkorlik sub’ektlariga issiqxona qurish uchun ajratilgan jami 525,9 mln so‘m kreditni soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Bandixon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.-K.i” MCHJ rahbari O‘.T. va boshqalar tijorat banki filialidan ajratilgan 400 mln so‘m kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan kimyoviy tozalash (ximchistka) va reklama bannerlarini ishlab chiqaruvchi uskunalarni boshqa shaxslarga sotib yuborganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Ch.T.” MCHJ rahbari S.SH. va ta’sischisi A.SH. tijorat banki filialidan ajratilgan 269 mln so‘m imtiyozli kredit evaziga xarid qilingan issiqxona qurilishi materiallarini boshqa shaxslarga sotib yuborganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Kiritildi: 15:54 05.12.2022. O'qildi: 1393 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!