Germaniya kansleri bu haqda Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Berlin Rossiyaga bosimni kuchaytirishda davom etadi. Biz bu jarayonda “Shimoliy oqim — 2” loyihasini qayta ishga tushirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘ramiz", – deya ta’kidladi siyosatchi.
Bundan tashqari, Mers Germaniya Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishga qodir yangi uzoq masofali qurollarni ishlab chiqishda yordam berishini bildirdi.
"Bugun mudofaa vazirlarimiz Ukrainada ishlab chiqariladigan uzoq masofali qurol tizimlarini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaydi. Masofa bo‘yicha hech qanday cheklovlar bo‘lmaydi, bu esa Ukrainaga o‘zini to‘liq himoya qilish imkonini beradi, jumladan, uning hududidan tashqaridagi harbiy nishonlardan ham", — deya ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari va kelishuv tafsilotlari ommaga e’lon qilinmasligini qo‘shimcha qildi.