Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Maltada bo‘lib o‘tgan YEXHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning nutqiga javob qaytardi. Lavrov G‘arb mamlakatlarini Ukrainadagi urushni keltirib chiqarishda ayblagan. Berbok esa bu da’volarni keskin tanqid qilgan.
"Siz o‘zingizni aldashingiz mumkin, lekin Yevropadagi 1,3 milliard odamni alday olmaysiz.", deydi u.
Berbokning tanqidlari Lavrovning G‘arb davlatlariga nisbatan qo‘ygan ayblovlariga javob tariqasida yangradi. Lavrov o‘z nutqida g‘arb davlatlarini yangi sovuq urush boshlashda ayblab, vaziyat "qizg‘in bosqichga" o‘tishi mumkinligini ogohlantirdi.
Shuningdek, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Lavrovning bayonotlarini "dezinformasiya to‘lqini" deb atadi.
Lavrov nutq so‘zlagan vaqtda Latviya, Litva, Estoniya, Polsha va Chexiya vakillari zalni tark etgani xabar qilindi.