AQSh prezidenti Jo Bayden G‘arbiy Sohildagi zo‘ravonliklarda ishtirok etgan yahudiy ko‘chmanchilarga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni bir yilga uzaytirdi.
AQSh prezidentining tegishli bayonoti Oq uy matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan.
Hujjatda aytilishicha, G‘arbiy Sohildagi "ekstremist ko‘chmanchilar tomonidan zo‘ravonlik" "qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetgan va G‘arbiy Sohil va G‘azo, Isroil va kengroq Yaqin Sharqdagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda”. Baydenning ta’kidlashicha, G‘arbiy Sohildagi vaziyat Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat asosida hal qilish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va "Yaqin Sharqdagi yanada kengroq beqarorlik" tahdidini keltirib chiqarishi mumkin.
"G‘arbiy Sohildagi vaziyat AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga noodatiy va favqulodda tahdid solishida davom etmoqda", - dedi AQSh prezidenti.
Shu munosabat bilan u 2024 yil 1 fevraldan joriy etilgan favqulodda holat rejimini bir yilga uzaytirish haqida buyruq berdi.