Kataloniyaning «Barselona» klubi Ispaniya La Ligasida ketma-ket ikkinchi bor chempionlik shohsupasiga chiqishga juda yaqin turibdi.
Xansi Flik shogirdlari 32-turda «Xetafe»ni mag‘lub etgach (2:0), chempionat tugashiga 5 tur qolganda eng yaqin ta’qibchisi — Madridning «Real» klubidan 11 ochkoga o‘zib ketdi.
Agar 33-turda «Barselona» o‘z maydonida «Osasuna»ni mag‘lub etsa va «Real» safarda «Espanyol»ga qarshi bahsda ochko yo‘qotsa, kataloniyaliklar muddatidan oldin chempionlikni naqd qiladi.
Aks holda, «ko‘k-anorranglilar» uchun bosh sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyati 10 may kuni bo‘lib o‘tadigan «El-klasiko»ga ko‘chadi. Vaziyatga qarab, «Kamp Nou»da kechadigan «Real»ga qarshi bahsda «Barselona»ga durang natija ham chempionlik uchun kifoya qilishi mumkin.