Bangladeshda hukumat ishlari uchun kvota tizimiga qarshi namoyishchilar qamoqxonaga bostirib kirib, mahbuslarni ozod qildi. Bu haqda Agence France-Presse mamlakat polisiyasiga tayanib xabar berdi .
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Dakkadan 40 km uzoqlikdagi Narsingdi tumanida namoyishga chiqqan yoshlar qamoqxonaga bostirib kirib, yuzlab jinoyatchilarni ozod qilgan.
«Mahbuslar qamoqxonadan qochib ketishdi, namoyishchilar esa binoga o‘t qo‘yishdi», - deya polisiya so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. «Men hibsga olinganlar sonini bilmayman, lekin ular yuzlab bo‘ladi», deb tushuntirdi huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba.
Bangladeshdagi talabalar bir oy avval 1971 yildagi mustaqillik urushida qatnashganlarning qarindoshlari uchun ishga joylashish kvotasiga qarshi norozilik namoyishlarini uyushtira boshlagan.
Mamlakat polisiyasi namoyishchilarni tarqatish uchun rezina o‘q va suv purkagichlardan foydalanmoqda. Namoyishchilar ko‘chalarga tayoq, armatura va toshlar bilan chiqishmoqda. Namoyishchilarning ko‘pchiligi mototsikl dubulg‘alarini kiyib olgan.
Harbiy vertolyotlar mamlakat poytaxti Dakka ustidan parvoz qilmoqda. Ko‘chalarga zirhli texnikalar chiqarildi. Televideniyedagi yangiliklar kanallari efirini to‘xtatdi, yirik ommaviy axborot vositalarining veb-saytlari ishlamayapti.