– Bu bizning mavjudligimiz uchun tahdid, – dedi u partiya yetakchilari va faollari bilan uchrashuvda. – Ayni holatga qarshi kurashishimiz kerak. Namoyish muxolif kuchlar tomonidan tashkil etilgan. Ular saylangan hukumatni ag‘darmoqchi. Bolalar va o‘smirlardan foydalanilayotgani raqiblar hokimiyatni qo‘lga olishga naqadar astoydil harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Nima uchun oddiy talabalar qurol bilan ko‘chaga chiqib, zo‘ravonlik qiladi? Harakat rahbarligi, shubhasiz, yovuz kuchlar qo‘liga o‘tdi. Bunday vaziyatda jim tura olmaymiz.
Siyosatchining bu so‘zlarini Bangladeshdagi “Prothom Alo” axborot portali iqtibos qilib keltirgan.
Talabalar noroziligi oy boshida Oliy sud Bangladeshning 1971 yilgi Mustaqillik urushida qatnashgan ozodlik kurashchilari qarindoshlari uchun 30 foiz ish kvotasi tiklanishi bo‘yicha qaror chiqargandan keyin avj oldi. Qaror ijrosi bir oyga to‘xtatilganiga qaramay, namoyish davom etdi. 14 iyul oqshomida yoshlar yangi kuch bilan ko‘tarildi va dushanba kuni ham harakatni davom ettirishdi. 350 ga yaqin qurbon berilgani haqida ma’lumot bor. Seshanba kungi namoyishda olti kishi, jumladan uch nafar talaba halok bo‘lgan.
Bangladeshdagi barcha davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlari chorshanba kunidan noma’lum muddatga yopildi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan talabalar zudlik bilan universitet kampuslarini tark etishi talab qilingan. O‘rta maktablar va kollejlar ishi ham to‘xtagan.