Xalqimizning buyuk farzandlaridan biri, davlat va jamoat arbobi, sarkarda Bahodir Yalangto‘shbiy (Olchin) hayoti va faoliyati aks ettirilgan mazkur film premyerasi oldidan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Kinematografiya agentligi, Samarqand viloyati hokimligi rahbarlari, film ijodkorlari ishtirok etdi.
– Tarixiy filmda bosh qahramon, ya’ni Bahodir Yalangto‘sh obrazini ijro etishning mas’uliyati katta, albatta, – deydi Habibulla Nizomov. – Filmda o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradigan sahnalar ko‘p bo‘ldi. Otda chopish, qilich o‘ynatish, yiqilish. Garchi sportchi bo‘lsam-da, bu rolni ijro etish oson kechmadi. Ijodiy jamoaning bir kuch bo‘lib, birlashib harakat qilishi natijasida maqsadimizga erisha oldik, deb o‘ylayman.
Film premyerasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, professor Erkin Musurmonov va boshqalar so‘zga chiqdi.
– Prezidentimizning tashabbuslari bilan yaratilgan mazkur film yer yuzining sayqali, Sharq gavhari bo‘lgan Samarqandimiz, uning hukmdori bo‘lgan ulug‘ sarkardamiz haqida ekanligi bizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi, – dedi E. Turdimov. – Yana bir e’tiborli jihati, ushbu loyihani amalga oshirishda Samarqand viloyati hokimligi O‘zbekiston kinematografiya agentligi bilan bevosita hamkorlikda ishladi. Film rejissyori Jahongir Ahmedov samarqandlik ijodkorlar, tarixchi olimlar bilan bamaslahat faoliyat olib bordi. Bir necha bor muhokamalar bo‘ldi va ana shu hamkorlikdagi ishimiz tufayli mazkur tarixiy badiiy film yaratildi.
Shuningdek, tadbirda filmning ijodiy jamoasi tanishtirildi.
Hasan Toshxo‘jayev ssenariysi asosida rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan yaratilgan kinokartinada buyuk sardor, Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangto‘shning hayot yo‘li va faoliyati hikoya qilinadi.
30 may kuni Toshkent shahrida ham “Bahodir Yalangto‘sh” filmining premyerasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.