Rossiyaning Qozon shahrida VI BRIKS xalqaro o‘yinlari davom etmoqda.
Biroz avval musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi boks bahslari o‘z yakuniga yetdi. Hal qiluvchi bosqichga terma jamoamizning 12 a’zosi yetib kelgandi. Erkaklar o‘rtasidagi eng so‘nggi jang eng og‘ir vazn toifasida o‘tkazildi. Unda Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov belaruslik Vladislav Smyaglikovga qarshi ringga ko‘tarildi.
Smyaglikov Bahodir chempion bo‘lgan Tokio-2020 Olimpiadasini kuchli beshlikda yakunlagan edi. Uch raundlik jang so‘nggi raundda to‘xtatildi. Ikki bor nokdaun holatiga tushib qolgan belaruslik bokschining murabbiylari ring markaziga oq sochiq tashlashdi va Jalolov BRIKS o‘yinlari chempioniga aylandi.