Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP-29 anjumani doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.
Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasini ishlab chiqarish, 1 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi. Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni yiliga 1,4 mln tonnaga kamaytirishga erishiladi.
Ma’lumot uchun, Masdar kompaniyasi O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya bilan umumiy quvvati 1497 MVtga teng bo‘lgan loyihalar – Zarafshon shamol elektr stansiyasi (500 MVt) va Karmana (100 MVt), G‘allaorol (220 MVt), Kattaqo‘rg‘on(220 MVt) va Sherobod (457 MVt) tumanlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilgan hamda Olot (250 MVt), G‘uzor (300 MVt) kabi yirik loyihalar doirasida ishlar olib borilmoqda.