Abu-Dabi apellyasiya sudi avvalroq Dubayda qo‘lga olingan britaniyalik talaba Metyu Xejesni josuslik qilish ayblovi bilan umrbod qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda “Al-Bayon” nashri ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, talaba BAAga qarshi josuslik qilishda va xorijga xavfsizlik sohasi bilan bog‘liq razvedka ma’lumotini berishda aybdor deb topilgan.
Sud, shuningdek, undan tortib olingan barcha elektron qurilmalar, materiallarni musodara qilishni buyurgan. Qonunga ko‘ra, sudlanuvchi hukm yuzasidan BAA oliy federal sudiga 30 kun ichida shikoyat qilishi mumkin.
Darem universitetining 31 yoshli aspiranti Metyu Xejes Dubay aeroportida 5 may kuni qo‘lga olingan. U “arab bahori” haqida dissertasiya yozish bahonasi ostida Buyuk Britaniya hukumati uchun ma’lumot to‘plagan.
Polisiyaga britaniyalik haqida amirliklar fuqarosi xabar bergan. Ta’kidlanishicha, Xejes undan maxfiy axborotni bilib olmoqchi bo‘lgan.
Manba: kun. uz