O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 23 iyun kuni videokonferensiya shaklida o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) Turizm vazirlarining V yig‘ilishida ishtirok etdi. Turizm vazirlarining onlayn uchrashuvida shuningdek TTDHK bosh kotibi Bagdad Amreev, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, Ozarboyjon turizm agentligi raisi Fuat Nagiyev hamda qolgan TTDHK mamlakatlarining turizm tashkilotlari rahbariyati qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 14 senyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikasiya qilish to‘g‘risida»gi Qonunni imzolagan edi. 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Baku shahrida bo‘lib o‘tgan TTDHK sammitida O‘zbekiston Respublikasi to‘laqonli a’zo sifatida qatnashgan va unda davlatimiz rahbari ishtirok etgan.
Ishtirokchilar hozirgi “COVID-19” pandemiyasi sharoitida turizm sohasining bugungi holati, Kengash mamlakatlarining turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga a’zo davlatlar o‘rtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda bu davlatlarning sayyohlik yo‘nalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.
Aziz Abduhakimov konferensiya davomida ishtirokchilariga O‘zbekistonda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlar va dasturlar haqida so‘zlab berdi. Jumladan, ularni Prezidentning joriy yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan batafsil tanishtirdi.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan pandemiya sharoitida yashash va ishlash zarurati hamda koronavirusga qarshi kurash choralarining samaradorligi bo‘yicha belgilangan vazifalarga ham alohida to‘xtaldi. Qayd etish joizki, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar jami 6500 kishini tashkil qilsa, ularning 70 foizi sog‘aygan, shuningdek bu kasallik natijasidagi o‘lim holati ham dunyo miqyosida eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi – 0,3 foiz. Bularning bari bugungi pandemiya sharoitida sayyohlar qabulini rejalashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘ilish davomida Aziz Abduhakimov Xavfsiz turizm fondining yaratilishi hamda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimining ishlash mexanizmlari, jumladan tadbirkorlik sub’ektlari – tizim ishtirokchilariga o‘zlarining turistik infratuzilma ob’ektlarida bepul dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish imkoni, shuningdek sayyoh koronavirus bilan kasallangan taqdirda 3 ming dollar miqdorida kompensasiya shartlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yuqorida qayd etilgan zamonaviy tizimni yaratishda G‘arbda Avisenna nomi bilan mashhur buxorolik vatandoshimiz, buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosidan foydalanishga oid dalillar uchrashuv ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Aziz Abduhakimov aynan Ibn Sino ming yillar avval epidemiologiya va karantin rejimiga asos solganini ta’kidladi. Abu Ali ibn Sino sayyohlar uchun “Sayyohlar uchun tadbirlar” (“Fi tadbir al-musofirin”) nomli ilmiy asoslangan uslubiy qo‘llanmani ishlab chiqqan bo‘lib, u bugungi kunda turizm bozorining barcha ishtirokchilari uchun sayyohlarni jalb qilish va ularning xavfsizligini ta’minlashda tobora dolzarb va foydali bo‘lib bormoqda.
Aziz Abduhakimov shuningdek ishtirokchilarni 1 iyundan ichki turizmni yo‘lga qo‘yish maqsadida “yashil” va “sariq” hududlarning ochilishi hamda 15 iyundan kasallik darajasi turlicha bo‘lgan mamlakatlar uchun vaziyatdan kelib chiqib, “yashil”, “sariq” va “qizil” reyslarga ajratgan holda aviaqatnovlarning tiklanishidan xabardor qildi.
Tadbir ishtirokchilari turizm sohasini tezkor tiklashga doir choralar hamda sohani rivojlantirishda qo‘llanayotgan yangi jihozlar, xususan, «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi hamda Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimining kengaytirilishi, shuningdek respublika bo‘yicha turli turistik zonalarning rivojlanish mexanizmlarini yuqori baholashdi.
Ta’kidlash joizki, 2019 yilda tashrif buyurgan jami 6,7 mln sayyohning 52 foizi (ya’ni 3,8 mln kishi) Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ulushiga to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari barcha ishtirokchilar bilan hamkorlikda amalga oshirish kerak bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, Aziz Abduhakimov Namangan shahridan videokonferensiyadagi ishtiroki davomida hayoti mobaynida ko‘plab davlatlar (ularning orasida hozirgi Ozarboyjon, Turkiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari)ga safar qilgan shoir va tilshunos, namanganlik Ishoqxon To‘ra Ibratni ham yodga oldi. Shu o‘rinda u bu kabi turk olami buyuk olimlari izidan maxsus turlar tashkil qilishni taklif qildi. Ushbu marshrutlar aralash turlarning rivojiga turtki berishi mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, Toshkent viloyatidagi Zangi ota va Qo‘ng‘irot tumanidagi Hakim ota Boqirg‘oniy ziyoratgohlarini o‘z ichiga olgan “Oltin uchburchak” turini faollashtirish taklif etildi. Bundan tashqari, chegara oldi hududlarida offshorlar turistik klasterlarini tashkil qilish taklif etilgan bo‘lib, unda savdo-sotiq va boshqa alohida soliq shart-sharoitlari ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston tomondan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm salohiyati va boshqa yo‘nalishlar targ‘iboti uchun xizmat qiluvchi alohida telekanal yaratish taklifi berildi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ishtirokchi mamlakatlar orasida efir vaqtini taqsimlash orqali amalga oshiriladi.
“Biz turkiy tilli davlatlar madaniyati va an’analarini namoyish etuvchi turli festivallarni tashkil qilish hamda ularning o‘tkazilishini ishtirokchi mamlakatlarning madaniy tadbirlar yagona taqvimini shakllantirish orqali birgalikda targ‘ib qilishni taklif etamiz”, - dedi Abduhakimov va yig‘ilish ishtirokchilariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Maqom”, “Baxshi”, Xalq amaliy san’ati festivali kabi yirik madaniy-ommaviy festivalar haqida ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga doir loyihani amalga oshirish zarurati haqida so‘z yuritdi:
“Biz albatta turistik kompaniyalarimizga mazkur yoki boshqa qo‘shma loyiha doirasida TTDHK mamlakatlaridagi hamkasblari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qilamiz. Shu o‘rinda turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga oid loyihalarni amalga oshirish, Kengash mamlakatlari turistik yo‘nalishlar yagona xaritasini yaratish, xalqlarimizning madaniyati, an’analari va ekskursiyalari bo‘yicha batafsil hamda ishonchli ma’lumotlar tayyorlash, foto, video va VR texnologiyalarni qo‘llagan holda virtual turlar va ekskursiyalar, onlayn gidlar tashkil qilish zarurligini alohida ta’kidlashimiz lozim”.
Shu bilan birga, onlayn-konferensiya davomida Aziz Abduhakimov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarning tarixiy va turistik shaharlari o‘rtasida aviareyslar soni va yo‘nalishlarini oshirish, ularning geografiyasini kengaytirishni taklif qildi. Xususan, Turkiya, Ozarboyjon, Vengriya va boshqa ishtirokchi mamlakatlarning tarixiy va turistik shaharlari o‘rtasida transport aloqalarining yangi yo‘nalishlari ushbu davlatlar iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida qadimiy Ipak yo‘li bo‘ylab zamonaviy karvonsaroylar qurishni taklif qildi.
TTDHK bosh kotibi mamlakatimizning boy tarixiy madaniy merosi va ulkan turistik salohiyatini qayd etib, O‘zbekistonning ishtiroki ko‘p tomonlama turistik loyihalarni rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirdi. Shu o‘rinda u O‘zbekiston Respublikasiga Tashkilotga a’zo davlatlarning turistik shaharlari bo‘ylab tayyor turpaketlar tizimini ko‘zda tutuvchi “Zamonaviy Ipak yo‘li” loyihasidagi ishtirok uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.
Tashkilot bosh kotibi Bagdad Amreev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan bildirilgan barcha takliflar uchrashuv protokoliga kiritilishini qayd etdi.
Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qo‘llab-quvvatlashi bilan keyingi TTDHK turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishini 2021 yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazishga doir kelishuvga erishildi.