Ta’lim va ilm-fan vazirligida davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim sifati, bitiruvchilar bandligi, talabalarning yashash sharoiti va oliygohlardagi mavjud muammolar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat oliygohlarining 2026 yilgi bitiruvchilaridan 13,8 ming nafari hozirda ish bilan ta’minlanmagan.
Shu munosabat bilan o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bitiruvchilarning ishga joylashishi oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholashda muhim mezon bo‘lishi qayd etildi.
Yig‘ilishda o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tahlil qilingan 29,7 mingta o‘quv adabiyotining 5,5 mingtasi 20 yildan avval chop etilgani, ayrim fanlar bo‘yicha esa umuman o‘quv adabiyotlari mavjud emasligi aniqlangan.
Shu sababli o‘quv manbalarini yangilash va ularni ta’lim dasturlariga muvofiqlashtirish vazifasi belgilandi.
Talabalar murojaatlarini o‘z vaqtida hal qilish, topshiriqlar ijrosini ta’minlash, talabalar turar joylari qurilishidagi kechikishlar va ijara xonadonlaridagi sharoitlarni o‘rganishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy xizmat safarlarining amaliy natijadorligi, investisiya va grantlarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda energiya tejamkorligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ayrim oliy ta’lim muassasalaridagi mansabdor shaxslarning lavozimiga loyiqligini o‘rganish va natijasi bo‘yicha xulosa kiritish uchun ishchi guruh tuzish belgilandi.
Yig‘ilish yakunida rektorlarga 15 kun ichida talabalar va o‘qituvchilar uchun qabullar tashkil etish, ularning muammolarini joyida o‘rganish va hal qilish choralarini ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha oylik, choraklik va yillik ish rejalarini shakllantirish, aniqlangan kamchiliklarni esa belgilangan muddatlarda bartaraf etish vazifasi yuklatildi.