“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahramlardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan)saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo o‘g‘illari, yo erlarining o‘g‘illari, yo o‘zlarining og‘a-inilari, yo og‘a-inilarining o‘g‘illari, yo opa-singillarining o‘g‘illari, yo o‘zlari (kabi) ayollar, yo qo‘l ostilaridagi (cho‘ri)lar, yo (ayollardan) behojat bo‘lgan (ya’ni juda keksayib qolganlar, xunasalar yoki aqlsiz-devonalar kabi) erkak xizmatkorlar, ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan go‘daklardan boshqa kishilarga ko‘rsatmasinlar! Yana, yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (erga) urmasinlar! Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz (Nur surasi 31-oyat).
Islom ummatining baxt-saodatga erishishi uchun barcha narsani batafsil bayon etib bergan Qur’oni Karim ayollar ziynatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan umr yo‘ldoshidan tashqari mahram erkaklarni umumiy hukmdan istisno tarzda birma-bir bayon etgan. Buning hikmati oyatda zikr qilingan erkaklar bilan ayolning doimiy muomalada bo‘lish zaruratidir. Bu zikr qilingan erkaklar ayol ila qarindoshlik rishtasi bilan bog‘liq va fitnaga o‘rin yo‘q. Demak, ayolning mahramlari bilan tanishib chiqamiz:
1. Er. Er xotinning barcha joyiga, butun vujuduga qarashi mumkin. Yana oyatda istisno etilgan a’zodan tashqari barcha a’zolardan manfaatlanishi mumkin;
2. Ota va bobolar. Ayolning ota va ona tomonidan otalari;
3. Erning otasi (qaynotasi);
4. Ayolning o‘z o‘g‘illari, erining o‘g‘illari (o‘gay o‘g‘illar) va nabiralari;
5. Ayolning qarindosh(aka-uka, opa-singil)lari. Xoh ota-onasi bir, xoh faqat ona, yoki ota bir qarindoshi bo‘lsin, farqi yo‘q;
6. Qarindosh(aka-uka, opa-singil)larining o‘g‘illari;
Sanab o‘tilganlarning barchasi ayolga mahram hisoblanadi. Bular oldida ziynatlarini ochish mubohdir. Alloh taolo yuqoridagi oyatda amaki va tog‘alariga oid hukmni bayon etmagan. Fiqh ilmi olimlarining fikriga ko‘ra, amaki va tog‘alarning hukmlari ham mahramiyat e’tiboridan yaqinlik darajalari sanalgan kishilar bilan birdir. Amaki va tog‘alar ota hukmida bo‘lgani uchun oyatda alohida sanalmagan. Oyatda aytib o‘tilgan qarindosh erkaklar ayolning mahrami bo‘lgani kabi emikdosh (bir onaning sutidan ozuqalangan) aka-ukalar ham ayolning mahrami hisoblanadi.
Shu o‘rinda ziynat va ziynat o‘rinlarini bilib olishimiz shart. Ziynat ikki xil bo‘ladi. Biri xalqiy (yaratilishdan) bo‘lgan ziynat, ikkinchisi esa erishilgan ziynat. Yuz (boshqa a’zolar kabi) xalqiy ziynatdir. Erishilgan ziynat esa, kiyilgan go‘zal libos, taqinchoqlar, ko‘zga surilgan surma, qo‘lga qo‘yilgan xinaga o‘xshash narsalardir. Ziynat o‘rinlariga ayolning bo‘yni, qo‘l va bilaklari hamda oyog‘i kiradi. Ayolning mahramlari mana shu ziynat o‘rinlarini ko‘rishlari muboh sanaladi. Mahramlardan tashqari begona erkaklar yuz va qo‘llaridan boshqa o‘rinlarni ko‘rishi haromdir. Yuz va qo‘lning avrat emasligini aytadigan olimlar u ikkisida hech bir ziynat ashyosi bo‘lmasligini va bularning ochilishi fitnaga sabab bo‘lmasligini shart qilib qo‘yadilar.
Imom Zamaxshariy rahmatullohi alayh aytadi: “Oyatdagi ziynatning zikr etilishidan hikmat – ziynat joylarini berkitish zarurligini ifoda etishdir. Chunki Alloh taolo “Ziynatlarini ko‘rsatmasinlar” deya buyurar ekan, aslida ziynat joylarini iroda qilgan, ya’ni maqsad qilib qo‘ygan. Chunki taqilmagan ziynatlarni ko‘rish harom emas. Bu jihatdan ziynatlarning taqiqlanishiga zarurat yo‘q. Demak, aslida taqiqlanadigani – zeb-ziynat buyumlari taqiladigan joylardir”.
Ulamolar “Hali ayollarning yashirin joylaridan xabardor bo‘lmagan bolalar” oyati haqida turli fikrlarni aytganlar: bu oyatda balog‘atga yetmagan bolalar nazarda tutilgan; yoshligi tufayli ayolning maxfiy bo‘lgan joylarini farqlay olmaydigan bolalar. Bular o‘n yoshga yetmagan bo‘lishlari kerak. Agar bola balog‘atga yetmagan bo‘lsa ham ayolning maxfiy joylarini tushunsa, ayollar bunday bolalar oldida ziynatlarini ko‘rsatmaganlari ma’qul.
Piskent tumani otinoyisi Xayrullaxonova Dilnozaxon