Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Islom va ko‘zi ojizlik mavzusida bir chiqish qilib, suhbat oxirida mavzu bo‘yicha ko‘zi ojizlar tomonidan savollar, mulohazalardan ancha xursand bo‘ldim. Mazkur mulohazalar ichida Daniyalik janob Jon (Jahon ko‘zi ojizlar birlashmasining kotibi)ning mulohazasi e’tiborga molik edi. U ko‘zi ojiz, lekin juda zukko, fikrlari teran kishi bo‘lib, darhaqiqat, ko‘zi ojizlar nomidan so‘ylashga loyiq kishi edi. U ma’ruzamni olqishlar ekan, shunday dedi:
Menda ko‘zi ojizlar mavzusiga aloqasi yo‘q, Islom haqida savol bor. E’tibor qaratishimcha, Qur’on Jannat ne’matlari haqida so‘zlaganda erkaklarga ayollar, hurlarni va’da beradi, ularning huquqini to‘liq ta’minlaydi, biroq buning muqobilida ayollarning g‘ariziy ehtiyojlarini qondirish uchun erkaklarga berilgan va’dani topmaymiz, ya’ni erkaklarning Jannatda ne’mati to‘liqroq ko‘rinadi, bu narsada biryoqlamalik yo‘qmi?
Men unga bunday javob berdim:
Janob Jon, juda ajoyib savol. Tashakkur. Javob oddiy Alloh taolo oxirat ato va ne’matida umumiy olganda erkak va ayollar orasini ajratmadi, har ikkisiga ham barobar ulug‘ ajr hamda buyuk mukofotlar va’da qildi, ularga Jannatda ko‘ngillari tusagan, ko‘zlari quvonadigan barcha lazzatlar bo‘lishini bildirdi. Bu haqda oyatlar juda ko‘p. Masalan:
Erkakmi yo ayolmi kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biron yaxshi amal qilsa, bas, Biz unga pokiza hayot ato eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan amallaridan chiroyliroq ajr-savoblar bilan mukofotlaymiz (Nahl surasi, 97 oyat).
Kim biron yomonlik qilsa, unga (oxiratda o‘sha yomonligi) barobarida jazo berilishi aniqdir. Va erkakmi, ayolmi kim mo‘min bo‘lgan holida biron yaxshilik qilsa, ana o‘shalar jannatga doxil bo‘lurlar (va) u joyda ularga behisob rizqberilur (G‘ofir surasi, 40 oyat).
Demak, umumiy olganda mo‘minlarga qilingan xitob erkagu ayolga bir xil, lekin g‘ariziy (jinsiy) tomonga kelganda nega Qur’on erkaklarga tafsilot bilan gapirib, ayollar haqida gapni qisqa qildi? Ana shu o‘rinda tarbiyaviy bir mo‘’jizani ko‘ramiz. Zero, inson psixologiyasidan ma’lumki, muhabbat, yaxshi ko‘rish erkaklarda ish-harakat atrofida aylansa, bunday narsa ayollarda ehtiroslar, hissiyotlar, nozikliklar orqali yuz beradi. Erkakda birinchi navbatda o‘sha erkaklik g‘arizasi kelib, uning ortidan hissiyot va boshqalari kelsa, ayolda hissiyot oldin kelib, g‘ariza uning ortidan keladi. Yoki oila borasidagi ko‘p izlanishlar sohibasi Erkaklar haqida ayollar bilishi zarur bo‘lgan sirlar nomli kitobmuallifi Barbara de Angelis tili bilan aytadigan bo‘lsak: muhabbat erkaklarda ish-harakat (fe’l), ayollarda esa sirru asrordir. Bu narsaning ikki jins tarkibida chuqurligi shu darajadiki, she’riyat, adabiyotga qarasangiz, xoh arab, xoh Ovro‘pa she’riyati bo‘lsin, xoh qadimgi, xoh hozirgisi bo‘lsin, qarshi jinsni batafsil sifatlash, o‘ldim-kuydimlar erkaklar tomondan ayollarga nisbatanqo‘llanadi, buning aksini juda kamdan-kam uchratasiz. Demak, erkak rag‘batni e’lon qilib talab qiladi, bu uning xususiyati. Ayolning go‘zalligi esa o‘zni tortib, nozlanib turishida, so‘raganda ham shu nuqtada noziklik bilan, parda ortidan so‘rashidadir. Mana, o‘zimizdan ham misol: Farzandlarimizni olqishlab, ularni rag‘batlantirayotganimizda o‘g‘lim, a’loga tugatsang, o‘zing istagan, eng go‘zal qizga uylantirib qo‘yaman , deyishimiz mumkin. Lekin hech qachon ota o‘z qiziga: Qizim, a’loga tugatsang, eng zo‘r erkakka turmushga beraman demaydi.
Genlar olimasi britaniyalik Ann Moyerning Miya jinsi (yoki Miyaning jinsiy g‘arizasi) kitobi, oila bo‘yicha mutaxassis amerikalik Jon Greyning Erkaklar Marsdan, ayollar Veneradan kitobi, Daniel Golmanning Hissiyotli zakovat kitobi barchasi ikki jins o‘rtasidagi sevgi hissiyotlari, ikki tomon orasidagi o‘zaro moyillikning nozik farqlarini ta’kidlab keladi. Insonlarki, o‘z xitobu kitoblarida bu farqlarga rioya qilar ekan, Insonlar Yaratuvchisi bularni nega e’tiborga olmas ekan? .
Yuqoridagilarga ilova ravishda quyidagilarni aytish mumkin:
Ayollar haqida Alloh taolo Voqea surasida shunday deydi:
Biz ularni (ayollarni) maxsus qayta yaratdik hamda ularni o‘ng tomon sohiblari (omadlilar, jannatilar) uchun (yoshda) bir-birga teng bokira, (erlariga) ehtirosli qilib qo‘ydik .
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda, payg‘ambarimiz oldilariga bir kampir kelib: Ey Rasululloh, Alloh jannatga meni kiritishini so‘rab duo qiling , dedi. Payg‘ambarimiz: Ey Ummi falonchi (kunyalari bilan atab), Jannatga kampir kirmaydi, dedilar. U kampir yig‘lab ortiga qaytdi. Shunda payg‘ambarimiz: Unga aytinglar, Jannatga kampir holida kirmaydi (ya’ni, yosh durkun qiz bo‘lib kiradi). Alloh taolo shunday deydi, deb yuqoridagi oyatlarni o‘qidilar.
Shundan ko‘rinib turibdiki, mazkur oyatlar faqat Jannat hurlari haqida emas, balki dunyo ayollari haqida hamdir (ba’zi muhtaram ustozlarning bu oyatni faqat hurlarga cheklab tarjima qilishlari to‘g‘ri emas).
Demak, ayollar Jannatga bokira holda, husnu jamolda tengsiz bo‘lib, yoshlari hammalari bir yoshda (bu borada umumiy qilib imom Termiziy Jannat ahlining 33 yoshda bo‘lishi haqida rivoyat qilganlar, ba’zilar buni erkaklar umri, ayollar umri 18 yosh bo‘ladi, deyishgan, bu ikkisidan qaysi yoshda bo‘lishsa ham yoshliklari so‘nmaydigan, hech qarimaydigan holda bo‘ladilar), bokira bo‘lib kiradilar...
...Demak, ayol kishi uchun o‘zining jinsiy rag‘batini to‘liq qondiruvchi imkoniyat jannatda bo‘ladi. Insonlarni ayolu erkak bo‘lmish ikki jinsni nozik farqlari ila yaratib qo‘ymish Zot nahot ularning istaklarini, ulardagi rag‘batlarni bilib, qondira olmasa?
O‘z yaralmishlarining ikir-chikirini, nozik tuyg‘ularini, dil tubidagi sirlarini bilib turuvchi Zot albatta bunga qodirdir. Vallohu a’lam.
Manba: islom.uz