O‘zbekistonda 2026–2027 yillarda ayollar boshqaruvidagi bizneslarni rivojlantirish uchun 2 trln so‘m yo‘naltiriladi. Prezident qaroriga ko‘ra, ustav kapitalida kamida 50 foiz ulushi bor yoki rahbari ayol bo‘lgan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari “Hamroh” dasturi orqali 10,3 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, yaqin 2 yilda ayollar tomonidan boshqariladigan 6 mingta korxonani moliyalashtirish ham rejalashtirilgan.
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash xususiy sektorda ham kuchaymoqda. Jumladan, OSON (https://oson.com/int-en) fintex-xoldingi AQSh elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan AWE dasturi doirasida 34 nafar qaraqalpog‘istonlik ayolga IT, ESG, eksport, media va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida grant asosida biznes-ta’lim berishni boshladi. Xususiy sektorning davlat dasturlari bilan uyg‘un holda ayollar biznesini rivojlantirishga harakat qilayotgani ijobiy signal.