Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Axborot xavfsizligi SHHT doirasidagi hamkorlikning muhim tarkibiy qismi

A A A
Axborot xavfsizligi SHHT doirasidagi hamkorlikning muhim tarkibiy qismi

Globallashuv sharoitida aynan axborot xavfsizligi xalqaro miqyosdagi dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Shu bois ko‘plab tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti ham bu borada samarali hamkorlikni ta’minlashga intilmoqda. Bu borada qanday qadamlar tashlandi? Ular qanchalik muhim?

Mazkur masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdulaziz Rasulev fikr bildirdi.

Bugungi kunda axborot deyarli har qanday munosabatlarning asosiy elementlaridan biriga aylandi. Axborot nafaqat ma’lumot almashish yoki odamlar o‘rtasidagi munosabatlar uchun, balki turli maqsadlarga erishishning samarali “quroli” sifatida ham qo‘llaniladi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy tarmoqlarda soxta xabarlar, tuhmat yoki haqoratlar, shaxsning roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu munosabat bilan jismoniy va yuridik shaxslarni, shuningdek, davlatni turli axborot tahdidlaridan himoya qilish zarurati paydo bo‘ldi.

Jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichiga xos bo‘lgan globallashuv jarayonlari axborot-kommunikasiya texnologiyalarini takomillashtirish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u ko‘p jihatdan dunyo miqyosidagi yangi axborot tizimlarini joriy etilishi bilan kechmoqda, bu esa jamiyatning axborotga bog‘liqligini yanada kuchaytiradi.

Bugungi kunda dunyoda 5 milliardga yaqin odam, ya’ni yer shari aholisining 63 foizi internetdan foydalanadi. SHHT davlatlarida 2 milliarddan ortiq kishi m azkur xalqaro axborot tarmog‘idan foydalanuvchi hisoblanadi, bu esa dunyo aholisining 27 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 27 milliondan ortiq yoki mamlakat aholisining qariyb 80 foizini tashkil etadi.

Texnologiyani takomillashtirish nafaqat sanoat jamiyatining kuchayishiga, balki yangi, ilgari noma’lum bo‘lgan xavf-xatarlar va yangi tahdidlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Mutaxassislarning fikricha, 2021-yilda dunyoda kiberhujumlar soni 2020-yilga nisbatan 50 foizga oshgan. Kiberjinoyatlardan ko‘rilgan zarar 2015-yilda 3 trillion AQSh dollariga teng bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshgan. Bunday sharoitda axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish uchun yaxshi muvofiqlashtirilgan tizim zarur. Shuning uchun axborot xavfsizligi masalalari birinchi o‘ringa chiqadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Yevroosiyo hududining 60 foizini egallagan va dunyo aholisining yarmi istiqomat qiluvchi mamlakatlarni birlashtiruvchi xalqaro platformadir. Shu bois mazkur tashkilot uchun axborot xavfsizligi masalalari nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ahamiyatga ega.

SHHT doirasida xavfsizlikni ta’minlash masalasi birinchi marta 2009 yilda hujjatlashtirilgan. Keyin SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim qabul qilindi.

Ushbu Bitimda oltita asosiy tahdidlar ko‘rsatib o‘tilgan: 1) axborot qurollarini yaratish va qo‘llash, axborot urushini tayyorlash va amalga oshirish; 2) axborot terrorizmi; 3) axborot sohasidagi jinoyatchilik; 4) axborot makonida ustun mavqedan boshqa davlatlarning manfaatlari va xavfsizligiga ziyon yetkazadigan holda foydalanish; 5) boshqa davlatlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tizimlariga, ma’naviy-axloqiy va madaniy muhitiga zarar yetkazuvchi axborotni tarqatish; 6) tabiiy va (yoki) texnogen xususiyatga ega global va milliy axborot infratuzilmalarining xavfsiz, barqaror ishlashiga nisbatan tahdidlar.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Bitimda ushbu tushunchalarga ta’riflar berilgan bo‘lib, bu tashkilot doirasida muvofiqlashtirilgan harakatlar muhimligini ko‘rsatadi. Kelgusida bu masalalarga SHHTga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining 2020-yildagi Qo‘shma bayonotida aniqlik kiritildi va O‘zbekistonning faol ishtirokida ishlab chitqilgan SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasida o‘z aksini topdi.

SHHT davlatlarining tajribasi xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlashning universal qoidalarini qabul qilish zarurligini ko‘rsatdi. Bu tashabbus SHHT tashkilotiga a’zo davlatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, 2015-yil 9-fevral kuni Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakillari nomidan BMT Bosh kotibi nomiga axborot xavfsizligini ta’minlash doirasidagi universal xulq-atvor qoidalarini qabul qilish taklifini o‘z ichiga olgan maktub yo‘llangan.

Axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida xalqaro tartibning asosini aynan ana shu universal qoidalar tashkil qilishi kerak deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025-yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Hujjatda qayd etilishicha, tashkilot BMTda “Xalqaro axborot xavfsizligi sohasida xulq-atvor qoidalari”ni qabul qilishga qat’iyat bilan intiladi va kelajakda Axborot kommunikasiya texnologiyalari sohasini tartibga solishining yagona xalqaro qoidalarini shakllantirish yuzasidan, shuningdek a’zo davlatlarning tegishli mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammit doirasida ham SHHT makonida inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash sharoitida axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi tahdidlarga qarshi kurash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Kiritildi: 12:04 07.09.2022. O'qildi: 2887 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!