Avstraliya Xitoyning DeepSeek sun’iy intellektidan davlat tasarrufidagi barcha qurilmalarda foydalanishni rasman taqiqladi. Shaxsiy gadjetlarga nisbatan cheklovlar hali joriy etilmagan, biroq hukumat bu texnologiya milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
«Hukumat milliy xavfsizlik va mamlakat manfaatlarini himoya qilish uchun tezkor va qat’iy chora ko‘rmoqda», — dedi Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berk.
DeepSeek – bu 2025 yil 10 yanvarda taqdim etilgan xitoylik ChatGPT analogidir. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, u g‘arbiy raqobatchilardan qolishmaydi, ammo ishlab chiqarish narxi ancha arzon. Biroq kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlari Xitoy serverlarida saqlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Avstraliyalik kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspert Dana Makkayning tushuntirishicha, DeepSeek orqali to‘plangan ma’lumotlar nafaqat jinoyatlarni tergov qilish, balki iqtisodiy josuslik maqsadida ham ishlatilishi mumkin.
Bundan tashqari, DeepSeek Xitoyda qattiq senzura ostida ishlaydi. Masalan, u 1989 yil Tyannanmen maydonidagi voqealar, Si Szinpin yoki Madaniy inqilob haqida savollarga javob bermaydi.
DeepSeek'ning Avstraliyada taqiqlanishi Xitoy texnologiyalarini cheklash siyosatining davomidir. 2018 yilda Avstraliya Huawei va ZTE kompaniyalarini o‘zining 5G infratuzilmasidan chiqarib tashlagan, 2023 yilda esa TikTok'ni potensial xavf sifatida tan olgan edi. Endi AQSH, Fransiya, Irlandiya va Janubiy Koreya ham DeepSeek'ni cheklash choralarini ko‘rib chiqmoqda.