Bugun 21 yanvar, 2026 yil, chorshanba

КИР

Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdorlar jarimaga tortilishi mumkin

Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdorlar jarimaga tortilishi mumkin

O‘zbekistonda asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasida 20 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Majlisda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan ma’muriy sud ishlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy, xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga hamda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu yangiliklar ma’muriy sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institut va tartiblarni joriy etishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat organining qaror yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari qat’iy himoya qilinadi. Davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgar bo‘lmasligi qonun darajasida mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqda. Ushbu bosqich sud muhokamasigacha dalillarni to‘plash, da’vo talablarini aniqlashtirish hamda taraflarni kelishtirish imkonini beradi. Bu esa ishlarni ko‘rish muddatlarini qisqartirish va ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Loyihadagi yana bir muhim yangilik — davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilanayotganidir. Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda. Bu davlat organlari mas’uliyatini oshirish, sud jarayonlarida haqiqiy tortishuv va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi, deyiladi axborotda.

Bundan tashqari, sudga hurmatsizlik qilganlik yoki sudning xususiy ajrimlarini ijro etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish vakolati bevosita ma’muriy sudlarning o‘ziga berilayotgani sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini yanada mustahkamlashi qayd etildi.

Tashabbuskorlarning ma’lum qilishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniya, Yaponiya, Estoniya va Fransiya kabi rivojlangan davlatlarning ma’muriy adliya sohasidagi ilg‘or tajribasi chuqur o‘rganilgan. Shuningdek, loyiha korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizalaridan o‘tkazilgan hamda jamoatchilik muhokamasida qo‘llab-quvvatlangan.

Majlisda yangi tartiblarning joriy etilishi davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kiritildi: 21:42 20.01.2026. O'qildi: 183 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!