Shu kunlarda televideniye orqali rahmatli yozuvchimiz Tohir Malikning “Shaytanat” asari asosida ishlangan videoserial namoyish etilyapti. Bu serialni tomosha qilayotganlar orasida tanish-notanishlar qo‘ng‘iroq qilib: "G‘ulomjon Yoqubov kuylagan qo‘shiqni siz yozgan ekansiz-da, tekstini yuboring", deb so‘rayapti. Ularning iltimoslarini bajoni dil ado etar ekanman, yana bir voqea esimga tushdi. Adashmasam, “Shaytanat”ning so‘nggi qismlari tasvirga olinayotgan kunlar edi. Yodgor akani bizga yondosh tahririyatga suhbatga chaqirishgan ekan. Biz ham onalari haqida maqola tayyorlamoqchi bo‘lib yurgan edik, shunga yosh hamkasblarimdan biri: "Opa, siz ozmi-ko‘pmi tanish ekansiz, bizga ham intervyu bersalar", dedi...
Yodgor aka bilan hol-ahvol so‘rashish asnosida “Shaytanat” haqida gap ketdi. "Yangi serialga yangi bir narsa qilib bermaysizmi?" dedilar.
Rozi bo‘ldim va bizga boshqa kuni suhbatga kelganlarida “Tavba” sarlavhali she’rni tutqazdim. Ma’qul kelgandek ko‘rindi.
"Albatta, foydalanamiz", dedilar.
Ammo she’r qo‘shiq bo‘lmadi. Balki, jamoaga avvalgisi qolgani ma’qul ko‘ringandir, ehtimol, boshqa sabab chiqqandir. Bu mening esimdan ham ko‘tarilib ketgan ekan. Kechagi, oldingi kungi qo‘ng‘iroqlar bois yana yodimga tushdi va balki, kimgadir qiziq tuyular, degan maqsadda, boz ustiga, hatto, Shaytanat ahli ham orzu qilgan, jon-jismini tozartiradigan zamonlar kelgani uchun tekstni e’tiboringizga havola qilgim keldi.
Tavba
(“Shaytanat” videofilmi uchun. Asadbek so‘zi)
Beklar yig‘lamaydi, beklar yonadi.
Ko‘zimdan sachragan yosh emas, cho‘g‘dir.
Tavbaga yetishgan dil uyg‘onadi
Uyg‘onmoqdan o‘zga najot ham yo‘qdir.
Tangri, gunohliman, gunohimdan kech,
Sen kechsang uvolim – qizim kechirar.
Bandaning qasosi oddiy alanga,
Kuydirsa, izida qoladi yara.
O‘g‘lim, qasosimni ishondim sanga,
Kuygan ko‘ngillarga o‘zing ber chora.
Tangri, gunohliman, gunohimdan kech,
Sen kechsang tumorim – ildizim kechirar.
Menman osmonlarga yetmagan lochin,
Bizmiz qoya ko‘rmay qaytgan burgut,
Mening achinganim bekor, sen achin,
Nomurod o‘tmasin dunyodan yigit.
Tangri, gunohliman, gunohimdan kech,
Sen kechsang, halolim — yulduzim kechirar.
Dimiqdim, yomg‘irli dunyolar yubor
Quzg‘unlar qoraytgan yerim oqlasin.
Billurday musaffo daryolar yubor,
Jismimiz, jonimiz yuvsin, poklasin.
Tangri, gunohliman, gunohimdan kech,
Sen kechsang, madorim – xalqim kechirar...
Tozarsak, to‘g‘imiz mangu turar tik,
Tozarsak, ruhimiz ko‘rmaydi qasos.
Yuz voykim, chiroyli yashay bilmadik,
Bir go‘zal o‘limga loyiq ko‘rsang, bas.
Tangri, gunohliman, gunohimdan kech,
Sen kechsang, ozorim har kim kechirar,
Agar sen kechirsang, qizim kechirar,
Agar sen kechirsang, ildizim kechirar,
Agar sen kechirsang, yulduzim kechirar,
Agar sen kechirsang, xalqim kechirar,
Agar sen kechirsang, har kim kechirar...
Qutlibeka Rahimboyeva
Manba: O‘zA