«Arsenal»ning sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger FIFA prezidenti lavozimi uchun kurashda Janni Infantinoning raqibiga aylanishi mumkin. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Hozircha kelasi yil 18 mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etish uchun o‘z nomzodini faqat Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasining amaldagi rahbari Janni Infantino ilgari surgan.
Ma’lum qilinishicha, Infantinoning muxoliflari 18 noyabr kuni nomzodlarni ro‘yxatga olishning so‘nggi muddati tugaguniga qadar unga jiddiy raqib paydo bo‘lishidan umid qilmoqda. Ularning ayrimlari Arsen Vengerni o‘z nomzodini ilgari surishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Ayni paytda Venger FIFAning futbolni global rivojlantirish bo‘yicha rahbari lavozimida ishlamoqda.
Shuningdek, 2016 yilgi saylovda Infantinoning raqibi bo‘lgan Iordaniya shahzodasi Ali bin Al-Husayn ham yana prezidentlik saylovida ishtirok etishi mumkinligi istisno qilinmayapti.
Ta’kidlanishicha, avvalroq FIFA prezidenti lavozimiga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgan KONKAKAF prezidenti Viktor Montalyani esa saylovda qatnashishni rejalashtirmayapti.