Armaniston tashqi ishlar va xalqaro savdo vaziri o‘rinbosari Vaan Kostanyanning Armaniston jamoat telekompaniyasiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va Eron bilan energetika sohasidagi aloqalarni rivojlantirish mamlakat energetika tizimining tashqi ta’sirlarga chidamliligini oshiradi.
Armaniston, Turkiya va Ozarbayjon energetika tizimlarining yaqinlashuvini mamlakat energetik mustaqilligiga tahdid deb hisoblayotgan muxolifat vakillarining tanqidlariga munosabat bildirgan Kostanyan bunday xavotirlar psixologik va siyosiy omillar bilan bog‘liqligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston 30 yildan ortiq vaqt davomida «tipratikan kabi» yakkalangan holda yashashga harakat qilgan, ammo bu strategiya kutilgan natijani bermagan.
Kostanyan Yerevan hozirda Gruziya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotganini, Eron bilan esa uchinchi elektr uzatish liniyasini qurish ishlari olib borilayotganini eslatdi.
Turkiya bilan hamkorlik istiqbollari haqida gapirar ekan, diplomat Turkiya energetika tizimi Yevropa energetika makoni tarkibiga kirishini va u yerda yuqori texnik hamda me’yoriy standartlar amal qilishini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, hozirda Armaniston, Turkiya va Ozarbayjon energetika tizimlarini «orol usuli» deb ataluvchi mexanizm orqali bog‘lash masalasi muhokama qilinmoqda. Kelgusida ularni to‘liq sinxronlashtirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Buning uchun Armaniston energetika tizimini Yevropa standartlariga muvofiqlashtirishi talab etiladi.
«Bu bizning energetika tizimimizni Yevropa standartlariga moslashtirishimiz kerakligini anglatadi», — dedi Kostanyan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatda gap faqat Turkiya bilan energetik tizimlarni sinxronlashtirish haqida emas, balki Yevropa energetika makoniga qo‘shilish haqida bormoqda. Buning uchun Yevropa energetika tarmog‘ining roziligi va belgilangan texnik talablarni bajarish zarur bo‘ladi.