Bu haqda mamlakat bosh vaziri matbuot kotibi Nazeli Bagdasaryan ma’lum qildi.
Ushbu bayonot Qo‘shma Shtatlarning Turkiyadagi elchisi Tom Barrakning bayonotiga javoban berildi. Avvalroq Barrak Vashington Zangezur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olish niyatida ekanini bildirgan edi.
Barrakning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi muzokaralarning oldinga siljishiga yordam berish maqsadida Zangezur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olishga tayyor. Biroq Bagdasaryanga ko‘ra, Armaniston hukumati mazkur masalani muhokama qilmayapti.
"Armaniston suveren hududining boshqaruvini uchinchi tomonga topshirishni muhokama qilmagan va bunday qilishni rejalashtirmayapti. Armaniston Respublikasining hech bir qismi uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki yurisdiksiyasidan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Shu bois, AQSh elchisi tomonidan tilga olingan variant qonuniy jihatdan imkonsiz", —deya munosabat bildirdi Bagdasaryan.