Armanistonning asosiy xavfsizlik idoralari rahbarlari Bosh vazir Nikol Pashinyanning tanqididan so‘ng iste’foga chiqdi. Tergov qo‘mitasi rahbari Argishti Kyaramyan va ichki ishlar vaziri Vahe G‘azaryan o‘z lavozimlarini tark etishdi.
15 noyabr kuni hukumat yig‘ilishida Pashinyan xavfsizlik kuchlari faoliyatini qattiq tanqid qilgan. «Hurmatli hamkasblar, mening sabr kosam tugadi. Sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaman: buning oxiri keldi. Bu davom etishi mumkin emas», dedi bosh vazir.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida Pashinyan shunday ta’kidladi: «Bunday so‘rovning sabablari shaxsiy emas, balki tizimli, men buni omma oldida aytdim». Shu bilan birga, davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasi uchun mutasaddilarga minnatdorchilik bildirdi.
Huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbarlari Sasun Xachatryan, Davlat daromadlari qo‘mitasi rahbarlari Rustam Badasyan, hududiy ma’muriyat vaziri Gnel Sanosyan va Oliy sud kengashi rahbari Karen Andreasyan ham iste’foga chiqdi.