Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Arafa kuni ro‘za tutishning fazilati

Arafa kuni ro‘za tutishning fazilati

Arafa kuni fazilati, bu kunda duo qilish, ro‘za tutish va boshqa solih amallarni qilish haqida hadisi shariflarda mukammal ko‘rsatmalar kelgan. Quyidagi biz bu ulug‘ kunda ro‘za tutish borasida kelgan ba’zi rivoyatlarni ko‘rib chiqamiz.

عَنْ يَحْيَى بْنِ سَعِيدٍ عَنْ الْقَاسِمِ بْنِ مُحَمَّدٍ أَنَّ عَائِشَةَ أُمَّ الْمُؤْمِنِينَ كَانَتْ تَصُومُ يَوْمَ عَرَفَةَ. رَوَاهُ مَالِكٌ وَابْنُ أَبِي شَيْبَةَ.

     Yahyo ibn Said Qosim ibn Muhammaddan rivoyat qilishicha, ummul mo‘minin Oisha roziyallohu anho Arafa kuni ro‘za tutardi (Molik va Ibn Abu Shayba rivoyati). Oisha roziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan juda ko‘p hadis rivoyat qilganlar. Bu rivoyatda aytilishicha, Oisha onamiz Arafa kuni ro‘za tutardilar. Bu ish Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam amallariga muvofiq ekanida shubha yo‘q.
    Oisha onamiz Arafa kuni ro‘zasini afzal bilishlari boshqa rivoyatlarda ham aytilgan. Masruq Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi: “Men uchun ro‘za tutadigan kunlarning eng sevimlisi Arafa kunidir” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).

عَنْ أَبِي قَتَادَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ وَالسَّنَةَ الَّتِي بَعْدَهُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.

    Abu Qatodadan rivoyat qilinishicha, Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Allohdan umid qilamanki, Arafa kuni ro‘zasi o‘tgan yilgi va kelgusi yildagi (gunohlarga) kafforat bo‘ladi!” deganlar (Muslim, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyati).
     Ushbu rivoyatda banda Arafa kuni ro‘za tutish bilan ikki yillik gunohlardan forig‘ bo‘lishi aytilmoqda. Bu ham mazkur kunda tutiladigan ro‘zaning naqadar fazilatli ekanidan dalolatdir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning “umid qilaman”, deyishlari o‘sha ishning bo‘lishi aniqligini bildiradi. Ulamolar bu yerda kichik gunohlarning mag‘firat qilinishi nazarda tutilmoqda, deyishgan. Bu Ahli sunna val-jamoa mazhabining fikri. Katta gunohlar kechirilishi uchun tavba shartdir.
     Bandaning o‘tgan gunohlari kechirilishi tushunarli. Ammo hali sodir etmagan gunohlari qanday kechiriladi, degan savolga ulamolar quyidagicha javob berishgan: “Alloh taolo uni gunohlardan saqlaydi yoki gunohlariga kafforat bo‘ladigan darajada savoblar beradi yoki haqiqatan sodir etilmagan gunohlar avvaldan mag‘firat qilinadi”.

وَعَنْ قَتَادَةَ بْنِ النُّعْمَانِ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ صَامَ يَوْمَ عَرَفَةَ غُفِرَ لَهُ سَنَةٌ أَمَامَهُ وَسَنَةٌ بَعْدَهُ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ لِغَيْرِهِ.

      Qatoda ibn No‘’mondan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim Arafa kuni ro‘za tutsa, kelasi va o‘tgan yilgi gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlarini eshitganman” (Ibn Moja rivoyati. Rivoyat sanadi sahih lig‘oyrihiy).
    Mana shu rivoyatda ham Arafa kuni tutilgan ro‘za bandaning ikki yillik gunohlari kechirilishiga sabab ekani aytilmoqda. Ma’lumki, hadisda kichik gunohlar nazarda tutilgan. Imom Navaviy “Sahihi Muslim”ga yozgan sharhida: “Bunda kichik gunohlar mag‘firat qilinadi. Agar kichik gunohlar bo‘lmasa, kabira gunohlar yengillashtiriladi”, degan.

وَعَنْ أَبِي قَتَادَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: قَالَ لَهُ رَجُلٌ: أَرَأَيْتَ صِيَامَ عَرَفَةَ قَالَ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الْمَاضِيَةَ وَالْبَاقِيَةَ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ صَوْمَ عَاشُورَاءَ قَالَ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

    Abu Qatodadan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: “Arafa kuni ro‘zasining qanday fazilati bor?” dedi. U zot: “Men Allohdan umid qilamanki, u o‘tgan va kelasi yilgi (gunohlar)ga kafforat bo‘ladi”, dedilar. Shunda o‘sha kishi: “Ey Rasululloh, Ashuro kuni ro‘zasining fazilati-chi?” dedi. U zot: “Men Allohdan umid qilamanki, u bir yillik (gunohlar)ga kafforat bo‘ladi”, dedilar (Ahmad rivoyati. Rivoyat sanadi sahih). Demak, Arafa va Ashuro kuni ro‘zasi fazilati haqidagi hadis aytilishiga bir kishining bu haqida savol berishi sabab bo‘lgan.

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ كَصِيَامِ أَلْفِ يَوْمٍ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الإِيْمَانِ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

   Oisha roziyallohu anho shunday degan: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Arafa kunining ro‘zasi ming kunlik ro‘za kabidir”, deb aytardilar” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif). Yuqorida Arafa kuni tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforat bo‘lishi aytilgan edi. Bu yerda esa mazkur kunning ro‘zasi ming kunlik ro‘za savobiga teng ekani aytilmoqda. Ming kun deyarli uch yilga teng. Demak, qaysi banda Arafa kuni ixlos bilan Allohdan savob umidida ro‘za tutsa, ikki yillik gunohlardan forig‘ bo‘lish bilan birga deyarli uch yillik ro‘zaning savobiga erishadi. Buning biz bilmagan boshqa manfaatlari ham borligiga shubha yo‘q.

عَنْ سَهْلِ بْنِِ سَعْدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ صَامَ يَوْمَ عَرَفَةَ غُفِرَ لَهُ ذَنْبُ سَنَتَيْنِ مُتَتابِعَتَيْنِ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَأَبُو يَعْلَى وَابْنُ أَبِي شَيْبَةَ وَعَبْدُ بْنُ حُمَيْدٍ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

     Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kim Arafa kuni ro‘za tutsa, ketma-ket ikki yillik gunohlari mag‘firat qilinadi” (Tabaroniy, Abu Ya’lo, Ibn Abu Shayba va Abd ibn Humayd rivoyati. Hadis sanadi sahih). Demak, Arafa kuni tutilgan ro‘za ketma-ket ikki yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Ibn Hibbon “Savob”da va Ibn Najjor “Tarix”da Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Tarviya kuni ro‘zasi bir yillik gunohlarga kafforatdir. Arafa kuni ro‘zasi ikki yillik gunohlarga kafforatdir”. “Tarviya kuni” Zulhijjaning 8-kuni bo‘lib, bizning yurtda “yolg‘on arafa”, deyiladi.

وَعَنْ أَبِي حَرِيزٍ أَنَّهُ سَمِعَ سَعِيدَ بْنَ جُبَيْرٍ يَقُولُ: سَأَلَ رَجُلٌ عَبْدَ اللهِ بْنَ عُمَرَ عَنْ صَوْمِ يَوْمِ عَرَفَةَ فَقَالَ: كُنَّا وَنَحْنُ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَعْدِلُهُ بِصَوْمِ سَنَتَيْنِ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

    Abu Hariyzdan rivoyat qilinishicha, u Said ibn Jubayrning shunday deganini eshitgan ekan: “Bir kishi Abdulloh ibn Umardan Arafa kuni ro‘zasi haqida so‘radi. Shunda u: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida uni ikki yillik ro‘zaga teng bilar edik”, dedi” (Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi hasan). Demak, bu borada kelgan rivoyatlarni umumlashtirsak, Arafa kuni ro‘zasining quyidagi fazilatlari ma’lum bo‘ladi:

1. Arafa kuni ro‘zasi ikki yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi;

2. Bu kunda tutilgan ro‘za ming kunlik ro‘za savobiga teng.

     Arafa kuni ro‘zasining bor fazilati shundan iborat emas. Buning biz bilgan va bilmagan boshqa manfaatlari ham bor. Ixlos bilan Allohdan savob umidida ro‘za tutgan banda, juda ko‘p ajr-savob va foydalarga erishadi. Yuqorida Arafa kuni ro‘zasi fazilati haqida kelgan rivoyatlarni ko‘rib chiqdik. Bu hajga bormaganlarga taalluqli. Hajga borganlar, aniqrog‘i Arafotda turganlar ro‘za tutmaydilar. Bu haqida ham yetarlicha rivoyatlar kelgan.

عَنْ عِكْرِمَةَ قَالَ: دَخَلْتُ عَلَى أَبِي هُرَيْرَةَ فِي بَيْتِهِ فَسَأَلْتُهُ عَنْ صَوْمِ يَوْمِ عَرَفَةَ بِعَرَفَاتٍ فَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ صَوْمِ يَوْمِ عَرَفَةَ بِعَرَفَاتٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

    Ikrimadan rivoyat qilinadi: “Men Abu Hurayraning uyiga kirdim va Arafa kuni Arafotda ro‘za tutish haqida so‘ragandim, Abu Hurayra: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Arafa kuni Arafotda ro‘za tutishdan qaytarganlar”, dedi” (Abu Dovud, Ibn Moja, Ahmad, Ibn Xuzayma va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).  Demak, hajga bormaganlar Arafa kuni ro‘za tutishlari mumkin. Haj qilayotganlar esa Arafotda turganda ro‘zador bo‘lishdan qaytarilganlar. Buning sabablaridan biri, o‘sha kuni Arafotda duo-iltijolar qilinadi. Ro‘za tutgan banda ko‘p duo qilishga ojizlik qilishi mumkin. Buning boshqa hikmati Allohgagina ayon. Biz o‘zimizga buyurilgan ishni bajarsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
   Hoji Arafotda ro‘za tutishi borasida ulamolar turli fikrlarni aytishgan. Jumladan, al-Xattobiy: “Bu vojiblikni bildiruvchi qaytariq emas, balki hajdagilar Arafa kuni ro‘za tutmasliklari mustahabdir. U zot haj qilayotgan odam duoga zaiflik qilishi va bu muborak maqomda qiyinchilikka uchramasligi uchun ro‘za tutishdan qaytarganlar. Ammo kim o‘zida kuch topa olsa, Arafotda turgan holida ham ro‘za tutishi afzaldir. Zero Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Arafa kunining ro‘zasi ikki yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini ma’lum qilganlar”, degan.
    Rivoyatlarda kelishicha, Usmon ibn Abul Os va Ibn Zubayrlar hajda ro‘za tutishgan. Ahmad ibn Hanbal: “Agar qodir bo‘lsa, ro‘za tutadi. Agar zaiflikdan qiynalsa, ro‘za tutmaydi”, degan. Ishoq hojining ro‘za tutishi mustahabligini aytardi. Ato esa: “Men qishda ro‘za tutaman. Ammo yozda tutmayman”, degan. Shuningdek, Molik, Sufyon Savriy va Shofe’iy hojining ro‘za tutmasligini ixtiyor qilishgan.
    Shavkoniy: “Hadislardan umumiy xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bu kunda ro‘za tutish har bir kishiga mustahabdir. Arafotdagi hojiga makruhdir. Bundan hikmat shuki, u Arafa kuni duo, zikr, haj amallariga kuch topa olmasligi mumkin. Aytilishicha, Arafa kuni Arafotda to‘planganlar uchun bayramdir”.

حَدَّثَنَا سَالِمٌ قَالَ: سَمِعْتُ عُمَيْرًا مَوْلَى أُمِّ الْفَضْلِ عَنْ أُمِّ الْفَضْلِ: شَكَّ النَّاسُ يَوْمَ عَرَفَةَ فِي صَوْمِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَبَعَثْتُ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشَرَابٍ فَشَرِبَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

    Bizga Solim rivoyat qiladi: “Men Ummu Fazlning mavlosi Umayr Ummu Fazlning: “Arafa kuni odamlar Nabiy sallallohu alayhi va sallam ro‘za tutganlari haqida shubhaga borishdi. Shunda men Nabiy sallallohu alayhi va sallamga ichimlik yuborgandim, u zot o‘sha ichimlikni ichdilar”, deganini eshitganman”, dedi” (Buxoriy rivoyati).
    Ushbu rivoyatga ko‘ra, Arafotda Nabiy sallallohu alayhi va sallam ro‘za tutgan yoki tutmaganlari haqida ixtilof qilingan. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhuning onasi Ummu Fazl roziyallohu anho bir idishda sut yuboradi va Rasululloh sallallohu alayhi va sallam undan ichadilar. Natijada hamma ixtilof va gap-so‘zlarga chek qo‘yiladi. Shundan ham ma’lum bo‘ladiki, haj qilayotgan hoji Arafa kuni ro‘za tutmaydi.

وَعَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَفْطَرَ بِعَرَفَةَ وَأَرْسَلَتْ إِلَيْهِ أُمُّ الْفَضْلِ بِلَبَنٍ فَشَرِبَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

    Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sallallohu alayhi va sallam Arafa kuni ro‘za tutmaganlar. Ummu Fazl u zotga sut yuborganida u zot uni ichganlar (Termiziy, Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih). Bu yerda ham Arafa kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ro‘zadorliklari haqidagi ixtilof u zot Ummu Fazl tomonidan olib kelingan sutni ichishlari bilan barham topgani zikr qilinmoqda.

وَعَنْ ابْنِ أَبِى نَجِيحٍ عَنْ أَبِيهِ قَالَ: سُئِلَ ابْنُ عُمَرَ عَنْ صَوْمِ يَوْمِ عَرَفَةَ فَقَالَ: حَجَجْتُ مَعَ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَلَمْ يَصُمْهُ وَحَجَجْتُ مَعَ أَبِى بَكْرٍ فَلَمْ يَصُمْهُ وَحَجَجْتُ مَعَ عُمَرَ فَلَمْ يَصُمْهُ وَحَجَجْتُ مَعَ عُثْمَانَ فَلَمْ يَصُمْهُ وَأَنَا لاَ أَصُومُهُ وَلاَ آمُرُ بِهِ وَلاَ أَنْهَى عَنْهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالدَّارِمِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

      Ibn Abu Najiyh otasidan rivoyat qiladi: “Ibn Umardan Arafa kuni ro‘zasi haqida so‘raldi. Shunda u: “Men Nabiy sallallohu alayhi va sallam bilan haj qildim. U zot (hajda) ro‘za tutmadilar. Keyin Abu Bakr bilan haj qildim. U kishi ham ro‘za tutmadi. Umar bilan haj qildim. U ham ro‘za tutmadi. Usmon bilan haj qilganimda ham u kishi (haj vaqtida) ro‘za tutmadi. Men ushbu kun ro‘zasini tutmayman, unga buyurmayman, lekin undan qaytarmayman ham”, dedi” (Termiziy, Dorimiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
    Ibn Umarning: “Men ushbu kun ro‘zasini tutmayman, unga buyurmayman, lekin undan qaytarmayman ham” degan gapi al-Xattobiyning “Bu vojiblikni bildiruvchi qaytariq emas, balki hajdagilar Arafa kuni ro‘za tutmasliklari mustahabdir” degan qavlini quvvatlaydi.
    Mana shu va bu bobda kelgan rivoyatlardan xulosa qilgan ulamolar, haj qilayotgan odam Arafa kuni ro‘za tutmasligi mustahabdir, deyishgan. Biroq, hajda bo‘lmaganlar Arafa kuni niyat va ixlos bilan ro‘za tutsalar, juda ko‘p yaxshilik qozonadilar.

Kiritildi: 16:53 23.05.2020. O'qildi: 22159 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!