AQShning Yamandagi aviazarbalari oqibatida kamida 38 kishi halok bo‘ldi, 102 kishi yaralandi.
Bu haqda Yamanning “Ansor Allah” harakatidan hutiy isyonchilar nazorati ostidagi Al Masirah telekanali ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Al-Hodeyda provinsiyasining Qizil dengiz sohilida joylashgan, neft terminali joylashgan Ras-Isa portiga jumaga o‘tar kechasi havodan hujum qilingan. U yerda katta yong‘in chiqdi. AQSh Harbiy-havo kuchlari kamida 14 ta reyd o‘tkazdi, ular shifokorlar va fuqarolik mudofaasi xodimlari bomba portlash joyiga yetib kelganidan keyin ham davom etdi. Tibbiyot xodimlari orasida ham o‘lim holatlari kuzatilmoqda.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi, o‘z navbatida, Ras-Isa porti vayron qilingani haqida xabar berdi. Uning "X"dagi bayonotiga ko‘ra, bu isyonchilarni neft mahsulotlarini sotishdan "noqonuniy daromad" va yoqilg‘i olishdan mahrum qilgan.