AQShning Yaman shimoli-g‘arbidagi Saada shahridagi muhojirlar markaziga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 68 kishiga yetdi, 47 kishi yaralandi. Bu haqda Yamandagi “Ansor Alloh” harakatining Al Masirah telekanali ma’lum qildi, deb xabar beradi TASS.
Avvalroq 35 kishi halok bo‘lgani, 50 kishi yaralangani xabar qilingan edi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlarning aksariyati og‘ir ahvolda.
Voqea sodir bo‘lgan vaqtda markazda 115 nafar muhojir bo‘lgan. Ular asosan Afrika davlatlaridan kelgan fuqarolardir.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda G‘azo sektoridagi vaziyat keskinlashganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujum qilib, Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali Isroil bilan aloqasi bo‘lgan kemalarning o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini ma’lum qilgan edi.
15 mart kuni AQSh prezidenti Donald Trampning buyrug‘iga ko‘ra, AQSh qurolli kuchlari Yamandagi husiylar nazoratidagi nishonlarga ommaviy havo hujumlarini boshladi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu operasiyadan maqsad Amerika manfaatlarini himoya qilish va Qizil dengizda kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash ekanligini tushuntirdi.
Bunga javoban “Ansor Alloh” harakati Qizil dengiz shimolida joylashgan Harry Truman aviatashuvchi kemasiga bir necha bor hujum qilishga urindi.