Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
"10 yanvar kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning “soya floti” deb ataluvchi 183 ta kemaga qarshi yangi sanksiyalar kiritganidan so‘ng, kamida 65 ta neft tankeri dengizda to‘xtab qoldi", deb yozadi Reuters monitoring xizmatlariga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, beshta tanker Xitoy portlari yaqinida, yettitasi Singapur hududida, qolganlari esa Rossiyaning Boltiq dengizi va Uzoq Sharqdagi sohillarida to‘xtagan.
Bir kun avval Bloomberg agentligi AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgan Rossiya nefti ortilgan uchta tanker Xitoy portlariga kiritilmagani haqida xabar bergan edi. Agentlik, shuningdek, Hindiston rasmiylari orasidagi manbalariga tayanib Hindiston ham Rossiya nefti ortilgan kemalarni qabul qilishdan bosh tortishini ma’lum qilgan edi.