O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan AQShning Montana shtati gubernatori Greg Jianforte 2026 yil 1 sentyabrni shtat miqyosida rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gubernator tomonidan imzolangan maxsus proklamasiyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz suvereniteti, boy madaniy merosi hamda tinchlik, farovonlik va milliy taraqqiyot sari izchil intilishlarini ifoda etuvchi muhim tarixiy sana ekani qayd etilgan.
Hujjatda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etilgan.
O‘zbekistonning Sietl shahrida birinchi Bosh konsulxonasining ochilishi tarixiy voqea ekani, u Montana shtatiga ham xizmat ko‘rsatib, ikki tomonlama madaniy, iqtisodiy va ta’limiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Shunga ko‘ra, o‘zbek-amerika hamjamiyatining doimiy sa’y-harakatlari e’tirof etilib, Montana shtati O‘zbekiston bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirilgan.
Montana AQShning hududi jihatdan eng yirik shtatlaridan biri bo‘lib, yuqori texnologiyalar, agrotexnologiya, energetika va biotexnologiya sohalarida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega.