AQShning markaziy va janubiy shtatlarida sodir bo‘lgan bo‘ron va tornadolar qurbonlari soni kamida 32 kishiga yetdi. Bu haqda mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari xabar berdi.
Vayronkor bo‘ron Arkanzas, Illinoys, Indiana, Kentukki, Missisipi, Missuri va Texas shtatlarida sodir bo‘ldi. ABC News ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘ron va tornado hali ham taxminan 138 million kishiga tahdid solmoqda.
Noqulay ob-havo sharoiti o‘rmon yong‘inlarining paydo bo‘lishi va tarqalishiga yordam berdi. Belgilangan hududlarda 100 dan ortiq yong‘inlar qayd etilgan. Tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlarda turar-joy binolari va boshqa inshootlar vayron bo‘lgan, elektr ta’minotida ham uzilishlar kuzatilgan. 300 mingdan ortiq iste’molchi elektr energiyasiz qolmoqda, deya xabar beradi Associated Press nashri.
Avvalroq AQShning janubiy shtatlari va O‘rta G‘arbda sodir bo‘lgan kuchli bo‘ronlar oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. AQSh Milliy ob-havo xizmati ob-havoning keskin davom etishi haqida ogohlantirdi. Alabama, Missisipi, Luiziana, G‘arbiy Jorjiya, Tennessi va Florida shimolida xavfli tornadolar kutilmoqda. Sinoptiklarning aytishicha, tornadolar ayniqsa halokatli bo‘lishi mumkin va do‘l, kuchli shamol va tez-tez chaqmoq urishi haqida ogohlantirgan.
Bu hafta Texasning Ellis okrugida kuchli bo‘ronlar bo‘ldi. Tabiiy ofat katta vayronagarchiliklarni olib keldi. Shamol tezligi soatiga 140 kilometrga yetdi. 20 mingga yaqin uy elektr ta’minotisiz qoldi. Kamida yettita traktor katta yo‘lda ag‘darilib ketgan.