The Wall Street Journal xabar berishicha, AQSh tomonidan Eronning energetika tizimiga havo zarbalari berilsa, bu butun mamlakat aholisiga ta’sir qiladi, lekin harbiy ob’ektlarni to‘liq elektrsiz qoldirishi ehtimoli past.
Energetika bo‘yicha mutaxassis Umud Shokrining aytishicha, Eron elektr tarmog‘i bir markazga bog‘lanmagan, balki mamlakat bo‘ylab tarqoq holda tashkil etilgan. Shuning uchun bir necha stansiyaga zarar yetkazilsa ham, tizim butunlay ishdan chiqmaydi.
Uning ta’kidlashicha, Eronda ko‘plab elektr manbalari mavjud va ular bir-biriga ulangan tarmoq orqali ishlaydi. Shu sababli bir joydagi uzilishni boshqa manbalar qoplay oladi.
Shokri yana shuni aytadiki, ko‘plab harbiy ob’ektlarda zaxira elektr generatorlari yoki alternativ energiya manbalari bor. Shuning uchun ularni to‘liq elektrsiz qoldirish juda qiyin.
Eronning elektr tizimi asosan tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘i turlariga tayanadi. Mamlakatda taxminan 150 ta elektr stansiyasi mavjud bo‘lib, ularning asosiy qismi tabiiy gaz yoqadi. Eng yirik 15–20 ta stansiya umumiy elektr ishlab chiqarishning taxminan 15 foizini ta’minlaydi.