"36 kundan beri AQSh federal hukumati faoliyati qisman to‘xtatilgan, bunga sabab Kongress davlat xizmatlarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan", deya xabar bermoqda BBC nashri.
Qo‘shma Shtatlarda shatdaun davomiyligi bo‘yicha avvalgi rekord muddat Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2019 yil yanvarida yakunlangan. O‘shanda AQSh federal hukumatining faoliyati 35 kunga to‘xtatilgandi.
Joriy shatdaun 1 oktyabrda boshlandi, chunki Kongress hukumatni moliyalashtirish masalasida kelisha olmadi. Kongressdagi demokratlar Medicaid tibbiy sug‘urtasi uchun soliq imtiyozlarini uzaytirish va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishni talab qilmoqda, respublikachilar esa bu talablarni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortmoqda.
Shatdaun tufayli 650 ming federal xizmatchi maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuborilgan, yana 600 ming kishi esa muhim sohalarda maoshsiz ishlashda davom etmoqda, ularga keyinchalik to‘lov amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, moliyalashtirishning to‘xtashi tufayli oziq-ovqat uchun yordam (masalan, oziq-ovqat talonlari shaklida) oladigan amerikaliklarga ko‘mak hajmi ham qisqargan. Mutaxassislarga ko‘ra, AQSh iqtisodiyoti shatdaun sabab har hafta deyarli 2 milliard dollar zarar ko‘rmoqda.