AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) quturish kasalligi xavfi tufayli 14 iyuldan boshlab 113 mamlakatdan itlarni olib kirishni vaqtincha to‘xtatilishi haqida ma’lum qildi. «Ushbu vaqtinchalik taqiq AQShga kirib kelayotgan itlarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash va aholi sog‘lig‘ini itlar quturish virusi variantining AQShga qayta olib kirilishidan himoya qilish uchun zarur», — deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, AQShda 2007 yilda itlar quturishi kasalligi to‘liq yo‘q qilingan edi. Markazning xabar berishicha, «hatto bitta quturgan itni ham olib kirish odamlarga, uy va yovvoyi hayvonlarga yuqtirishga olib kelishi mumkin». CDC’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh olib kiriladigan barcha itlarning 6 foizi quturish xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan keladi. Quturish xavfi yuqori deb tasniflangan 113 mamlakat orasida Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya, Peru, Keniya, Ekvador va Indoneziya kabi davlatlar bor.