AQShning Pensilvaniya shtatida qurolli hujum oqibatida 3 nafar polisiyachi halok bo‘ldi, yana ikkisi og‘ir yaralandi.
The New York Times gazetasining yozishicha, hodisa York okrugida mahalliy vaqt bilan soat 14:10 da sodir bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqda tergov olib borayotgan polisiya xodimlariga qarata o‘q uzilgan. Hujumchi huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘qqa tutilgan holda zararsizlantirilgan.
Jarohatlangan ikki polisiyachi mahalliy shifoxonaga yetkazilgan. Ular ahvoli og‘ir deb baholanib, shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.
AQSh Bosh prokurori Pam Bondi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari mahalliy polisiyaga ko‘mak berish uchun voqea joyiga yetganini ma’lum qildi. Hujum holatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.