AQShda prokuratura Federal zaxira tizimi rahbariga nisbatan tergov boshladi.
Jerom Pauellga qarshi tergov Federal zaxira tizimining (FZT) Vashingtondagi shtab-kvartirasi rekonstruksiyasi bilan bog‘liq, deb xabar bermoqda gazeta.
Tergov jarayoniga Pauellning loyiha hajmi haqidagi ommaviy bayonotlarini tekshirish va xarajat hujjatlarini ko‘rib chiqish kiradi. Ushbu tekshiruvni Kolumbiya okrugi prokurori Janin Pirro ma’qullagan.
Pauell mazkur tergovni Tramp ma’muriyati tomonidan bosim sifatida baholamoqda. Uning fikricha, tergov FZTning pul-kredit siyosatini jamiyat manfaatlariga mos ravishda, prezidentning xohish-irodasiga bo‘ysunmasdan amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tramp bir necha bor Pauellni iste’foga chiqishga chaqirgan va uni tanqid qilgan edi.
Shuningdek, Pauell Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar siyosatini tanqid qilgan. U Oq uy siyosati AQSh iqtisodiy o‘sishini sekinlashtirishi va inflyasiyani tezlashtirishi mumkinligini ta’kidlagan.
Jerom Pauell Federal zaxira tizimi raisi lavozimiga 2018 yilda tayinlangan va Jo Bayden davrida ham lavozimini saqlab qolgan. Uning vakolati 2026 yilda tugaydi.