AQShning Kolorado shtatidagi Sunset Mesa dafn marosimi uyi egalari 46 yoshli Megan Xess va uning 69 yoshli onasi Shirli Kox o‘lganlarning tana a’zolarini sotganlari uchun mos ravishda 20 va 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ish materiallariga ko‘ra, 2010 yildan 2018 yilgacha ayollar marhumning yaqinlarining roziligisiz bir necha yuzlab jasadni bo‘laklab, qismlarini sotib yuborgan. Xess, dafn marosimidan tashqari, Donor Services deb nomlangan tashkilotni boshqargan, u orqali tana a’zolari fan va ta’limda foydalanish uchun noqonuniy ravishda sotilgan. Xususan, Xess va Kox ilm-fanda foydalanish uchun bosh, qo‘l va umurtqa pog‘onasini sotgan.
Hammasi bo‘lib, ular 560 ta jasadni qismlarga bo‘lib tashlashgan, ba’zida qarindoshlaridan organlardan foydalanishga rozi bo‘lganliklarini so‘ramasdan, hatto ba’zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad javobini olishgan. Kompaniya o‘zi amalga oshirmagan kremasiya uchun mijozlardan 1000 dollargacha pul undirgan va 200 dan ortiq oila o‘z yaqinlarining kulini boshqalarning qoldiqlari bilan aralashtirib olgan.
Shu bilan birga, Adliya vazirligining aniqlik kiritishicha, ayblanuvchilar nafaqat marhumning yaqinlarini, balki xaridorlarni ham aldagan – masalan, ayrim organlar OIV yoki gepatit B va S virusi bilan kasallangan shaxslarga tegishli ekanligini ulardan yashirgan.
Ikkala ayol ham firibgarlikda aybini tan oldi. Shu bilan birga, Xess sudda gapirishdan bosh tortdi, onasi tavba qildi va o‘z qilmishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini aytdi.