Mamlakatdagi barcha aeroportlardan samolyotlarning uchishi to‘rt soat davomida taqiqlanishiga olib kelgan aviaqatnovlar tizimidagi nosozlikka AQSh Federal aviasiya boshqarmasi (FAA) ob’ektlaridan birida mis kabellarni optik tolali kabellarga almashtirish ishlari sabab bo‘lgan.
The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berishicha, bu haqda AQSh transport vaziri Shon Daffi ma’lum qilgan.
U hodisa uchun pudratchi — L3Harris kompaniyasini javobgar deb hisoblashini bildirgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya nosoz marshrutizator o‘rnatgan yoki «o‘z ishini lozim darajada bajarmagan».
«Hozir biz haqiqatan ham malakasizlikka yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganini aniqlashga harakat qilyapmiz. Ochig‘ini aytganda, aybdorlarni javobgarlikka tortish niyatidamiz», — dedi Daffi.
Vazirning ta’kidlashicha, L3Harris kompaniyasi juma kuni amalga oshirgan ishlar rejali texnik xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘lib, jiddiy uzilishlarga sabab bo‘lmasligi kerak edi. Biroq marshrutizator almashtirilganidan so‘ng, qurilma parvozlarni boshqarish tizimining boshqa uzellariga uzluksiz ravishda ulanish so‘rovlarini yubora boshlagan. Har 4–5 soniyada taxminan mingta so‘rov yuborilgan.
Bu esa samolyotlar bilan radioaloqa va radarlardan ma’lumot uzatishda uzilishlarga olib kelgan.
WSJ qayd etishicha, L3Harris kompaniyasi FAA bilan bir necha o‘n yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Kompaniya ichki tekshiruvga yordam berayotganini ma’lum qilgan.
«L3Harris mamlakat bo‘ylab samolyotlarning uchishi taqiqlangani va buning yo‘lovchilar, aviakompaniyalar hamda havo harakatini boshqarish tizimi faoliyatiga ko‘rsatgan oqibatlariga jiddiy yondashadi», — deyiladi kompaniya bayonotida.