Los-Anjeles shahrida sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan musiqa va bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ijodkorlar uchun mo‘ljallangan AI Music Awards mukofotini topshirish marosimi ilk bor bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Asosiy mukofotlar virtual R&B ijrochisi Xania Monet’ga nasib etdi. Uning qo‘shig‘i SI ijrochisi tomonidan yaratilgan va Billboard radiochartlaridan biriga kirgan ilk kompozisiya bo‘ldi. Tadbir mualliflik huquqi bilan bog‘liq bahslar va generativ sun’iy intellekt musiqa sanoatida insonlarning o‘rnini egallab qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda o‘tkazildi.
Marosim ishtirokchilari SI yordamida yaratilgan musiqani insonning o‘rni muhim bo‘lgan alohida ijodiy yo‘nalish sifatida qabul qilish lozimligini ta’kidlashdi.
Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan eng yaxshi xip-xop kompozisiyasi uchun mukofotni topshirar ekan, musiqiy prodyuser Dreyk Merfi texnologiyalar bilan ishlashda mualliflarning o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.
«Ayrimlar sun’iy intellektni “soxtalik” deb ataydigan dunyoda uning ortida turgan inson mutlaqo haqiqiydir», — dedi u.
Xania Monet uchta asosiy nominasiya — «Yil ijrochisi», «Yil qo‘shig‘i» va «Yil albomi» bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Uning virtual obrazini Telisha «Nikki» Jons yaratgan. U qo‘shiq matnlarini o‘zi yozadi, so‘ngra sun’iy intellekt yordamida ularni musiqiy kompozisiyalarga aylantiradi.
Loyihaning How Was I Supposed to Know? nomli qo‘shiqlaridan biri Billboard radiochartiga kirgach, musiqa sanoatida katta e’tibor qozondi. Jonsning so‘zlariga ko‘ra, SI yordamida yaratilgan musiqa yangi hodisa bo‘lib, tinglovchilar unga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi. Uning fikricha, bu yo‘nalish yaqin orada yo‘qolib ketmaydi.
G‘oliblarni sun’iy intellektdan o‘z ijodida foydalanadigan va Sonic Intelligence Academy tarkibiga kiruvchi musiqachilar tanlashdi. Ushbu tashkilot bunday musiqalar uchun chartlar, shuningdek, SI yordamida yaratilgan kompozisiyalarni aniqlash vositalarini ishlab chiqadi.
Musiqachilar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan treklar inson ijrochilarining ilgari surilishiga to‘sqinlik qilishi hamda xonandalar, qo‘shiq mualliflari, prodyuserlar va ovoz rejissyorlariga bo‘lgan talabni kamaytirishidan xavotirda.
Shu bilan birga, AI Music Awards ishtirokchilari texnologiya musiqiy ma’lumoti yoki mustaqil ravishda kompozisiya yaratish uchun yetarli ko‘nikmalari bo‘lmagan insonlarga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishda yordam berishini ta’kidlashmoqda.
«Keng tarqalgan fikrdan farqli o‘laroq, sahna ortida qilayotgan ishlarimizning ko‘p qismi og‘ir mehnat talab qiladi… San’at — bu san’at. Menimcha, bu uning yana bir ko‘rinishidir», — dedi mukofotga nomzod bo‘lgan J. Frekvent.