AQShda Zelenskiyning o‘rnini bosuvchi qanday izlanmoqda?
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff, kichik Donald Tramp, Jared Kushner va teleboshlovchi Taker Karlson Vladimir Zelenskiyga qarshi chiqqan ukrainalik siyosatchilar bilan yashirin aloqada bo‘lishgan.
Bu haqda Politico nashriyotiga Ukraina va AQSh manbalari xabar berdi.
"Ular Zelenskiyni to‘siq deb hisoblashmoqda. Uni qanday qilib murosaga ko‘proq moil qilish mumkin? Uning raqiblari bilan muloqot o‘rnatib, AQShning Ukrainada boshqa hamkorlari va muqobil variantlari mavjudligini anglatish orqali," - deya Respublikachilar partiyasiga yaqin bo‘lgan tashqi siyosat bo‘yicha mutaxassisning so‘zlarini keltiradi nashr.
Politico xabariga ko‘ra, Tramp vakillari Yuliya Timoshenko ("Batkivshchina" partiyasi rahbari) va Petro Poroshenko ("Evropa birdamligi" yetakchisi) bilan aloqada bo‘lgan. Ikkalasi ham muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqladi, biroq mojarolar tugamaguncha saylovlar o‘tkazilishiga qarshi ekanliklarini bildirdi.
Ukrainaning "Strana" nashri manbalarining ta’kidlashicha, muloqotlar Ukraina Qurolli Kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko bilan ham olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Politico nashrining qayd etishicha, Tramp vakillari Ukraina siyosatini yaxshi tushunishmaydi va tez orada keng qo‘llab-quvvatlanadigan o‘z nomzodini tayinlay olishlari mumkin deb noto‘g‘ri faraz qilishmoqda.