6 iyun kuni AQSh harbiylari Eron uchirgan dronlarni urib tushirgach, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Eron radar ob’ektlariga zarba berdi. Eron esa bunga javoban Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga raketalar uchirdi.
AQSh harbiylari Eron uchirgan to‘rtta dron “mintaqadagi dengiz qatnoviga tahdid solishi”ni bildirib, ularni urib tushirdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh kuchlari shundan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Eronning Goruk va Qeshm orollarida joylashgan kuzatuv ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qildi.
Eron davlat televideniyesi esa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Qo‘shma Shtatlarning Kuvaytdagi ikkita aviabazasi va Bahrayndagi Harbiy-dengiz kuchlari ob’ektlariga ballistik raketalar uchirganini e’lon qildi. AQSh harbiylariga ko‘ra, uchirilgan yettita raketadan oltitasi tutib qolingan, bittasi esa nishoniga yetib bormagan.
Mazkur hodisa bir necha kun avval yuz bergan o‘zaro zarbalardan keyin sodir bo‘ldi. O‘shanda ham AQSh va Eron bir-biriga hujumlar uyushtirgan, tomonlar o‘rtasidagi mo‘rt sulh xavf ostida qolgan edi.