Bu haqda Wall Street Journal amerikalik rasmiylarga tayanib yozmoqda. Ulardan biriga ko‘ra, bu ta’minotlar joriy yil oxirigacha Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi kerak.
Raketalar yaqin haftalarda Ukrainaga yetib kelishi kerak, deya aniqlik kiritadi WSJ. Yordam boshqa narsalar qatori Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari kuchayganligi sababli ko‘rsatilmoqda. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yordam berishning boshqa variantlarini, jumladan, boshqa davlatlardan qurol sotib olishni ko‘rib chiqmoqda.
Nashrning qayd etishicha, saylovlar oldidan AQSh aprel oyiga qadar Ukrainaga qolgan yordamni yetkazib berish niyatida edi. Endi Bayden ma’muriyati Ukrainaga ehtimoliy muzokaralarda kuchliroq pozisiyani taqdim etish va mudofaasini kuchaytirish umidida yanvar oyigacha Kiyevga imkon qadar ko‘proq harbiy yordam o‘tkazmoqchi.