AQSh ma’muriyati Ukraina harbiylarining «Speys-Iks» kompaniyasiga tegishli «Starshild» sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanishini cheklash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda «Reyter» agentligi amerikalik ikki va g‘arblik bir manbaga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cheklovlar Ukraina armiyasining jang maydonida aloqa o‘rnatish va yuqori tezlikda harakatlanuvchi dronlarni boshqarish imkoniyatlariga ta’sir qilmoqda. «Starshild» — «Starlink»ning AQSh davlat idoralari va mudofaa tuzilmalari uchun ishlab chiqilgan harbiy versiyasi.
Ukraina Mudofaa vazirligi vakili payshanba kuni ayrim terminallar transport vositalari harakatlanayotganda ishlayotganini, biroq tezlik soatiga 160 kilometr bilan cheklanganini ma’lum qilgan. Ukraina rasmiylari cheklovlar Rossiya qo‘shinlari, ta’minot yo‘llari va bosib olingan hududlardagi logistika ob’ektlariga zarba berishni qiyinlashtirganini bildirgan.
AQSh ma’muriyatida ushbu qarorni kim qabul qilgani va uni amalga oshirish uchun qaysi idora mas’ul ekani hozircha aniq emas.
Cheklovlar ortidagi siyosiy kelishmovchiliklar
«Reyter» xabariga ko‘ra, bu chora AQSh prezidenti Donald Trampning Kiyevga Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha bosimi kuchaygan bir paytda amalga oshirilgan. Tramp bunday zarbalar energiya narxlarining oshishiga ta’sir qilayotganini ta’kidlagan.
Biroq mutaxassislar energiya narxlarining ko‘tarilishini, asosan, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Hurmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlar bilan bog‘lamoqda.
«Speys-Iks» rahbari Ilon Maskning aytishicha, «Starshild» tizimlari AQSh hukumatiga tegishli va uning nazoratida bo‘lgani uchun ularning ishlash shartlarini Amerika harbiylari yoki prezident belgilaydi.
AQSh va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar ham so‘nggi kunlarda keskinlashgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Mayamida AQSH, Ukraina, Yevropa va Jahon banki vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda Vashington Kiyevning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni davom ettirayotganidan noroziligini bildirgan.
Shuningdek, Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida ham o‘zaro tanqidlar kuchaygan. Zelenskiy AQSh bosimi ostida iste’foga chiqmasligini bildirgan.
«Reyter» keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Starshild» xizmatlariga qo‘yilgan cheklovlar Ukraina armiyasining ayrim dronlardan foydalanish samaradorligiga, jumladan, Rossiyaning «Shahid» uchuvchisiz apparatlariga qarshi qo‘llanadigan tutib oluvchi dronlar faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan.