Kaliforniya Janubiy okrugi federal sudi AQSh Davlat departamentiga DV-2027 grin-karta lotereyasini o‘tkazish majburiyatini yukladi.
Kaliforniya Janubiy okrugi federal sudi AQSh Davlat departamentiga DV-2027 Green card lotereyasini o‘tkazish majburiyatini yukladi. Cudya Jinsuk Ota dasturga ro‘yxatga olish kechiktirilgani sababli davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vo kiritgan Red Eagle Law yuridik firmasining iltimosnomasini qanoatlantirdi. Davlat departamentiga ariza topshirish muddatlarini e’lon qilish, ro‘yxatga olishni boshlash va saralab olingan ishtirokchilarning arizalarini ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Davlat departamenti 1 noyabrdan kechiktirmay DV-2027 (Green card) uchun ro‘yxatga olishni boshlashi, arizalarni 30 kun davomida qabul qilish, saralab olingan ishtirokchilarni 3 dekabrdan kechiktirmay xabardor qilish shart.
Muddatlar AQSh sharqiy vaqti bo‘yicha belgilangan. Bunda 1 noyabr – ro‘yxatga olishni boshlashning eng so‘nggi muddati hisoblanadi. Arizalarni qabul qilish boshlanadigan aniq sanani Davlat departamenti keyinroq e’lon qilishi lozim.
Green card uchun ro‘yxatga olish jarayoni 2025 yil kuzida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq 5 noyabr kuni AQSh Davlat departamenti ishtirok etish tartibini o‘zgartirayotganini va yangi sanalarni keyinroq e’lon qilishini bildirdi. 2026 yil avgust oyida Red Eagle Law lotereya boshlanishiga erishish maqsadida sudga murojaat qildi
Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatidayoq Green card o‘ynalishiga qarshi chiqqan edi. 2025 yil dekabr oyida u Braun universitetidagi otishmada gumon qilinuvchi aynan Green card orqali AQShga kirib kelganini ro‘kach qilib, uni to‘xtatib qo‘ydi.
Diversity Visa (Green card) dasturi AQShga immigrasiya darajasi nisbatan past bo‘lgan mamlakatlardan chiqqan shaxslar uchun har yili 55 mingtagacha viza ajratishni nazarda tutadi. Lotereyada g‘olib chiqish viza uchun ariza topshirish imkoniyatini beradi, biroq avtomatik tarzda grin-karta olishni anglatmaydi. Ishtirokchilar dastur talablariga mos kelishini tasdiqlashi va belgilangan jarayonlardan o‘tishi zarur.