AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda mamlakatning yangi bosh vaziri Ali az-Zaydiy bilan bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuv chog‘ida Amerika qo‘shinlari 30 sentyabrgacha Iroqni to‘liq tark etishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligi ma’lumotiga tayanib.
“Ular bizga ortiq kerak emas”, – dedi Donald Tramp Amerika harbiy kontingentining olib chiqilishiga izoh berar ekan. Keyinroq Pentagon qo‘shinlarning olib chiqilishi “Islom davlati” terrorchilik guruhiga qarshi Amerika missiyasini tugatish to‘g‘risida 2024 yilda tuzilgan kelishuvga muvofiq yakunlanishini ma’lum qildi. Amerika qo‘shinlari chiqib ketgach, xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyati to‘liq AQSh tomonidan tayyorlangan Iroq kuchlari zimmasiga yuklanadi.
Oval ofisdagi uchrashuv chog‘ida AQSh prezidenti yangi bosh vazirga yuksak baho berib, uni mintaqaning bo‘lajak nufuzli yetakchisi deb atadi.
“Bu so‘zlarimni eslab qoling. Men nima qilayotganimni bilardim. Bu kishi Yaqin Sharqda, Iroqdan ham tashqarida buyuk yetakchiga aylanadi. Uning ta’siri butun mintaqaga yoyiladi”, – deya ta’kidladi u.
Ali az-Zaydiy tarjimon orqali so‘zga chiqib, dunyoning eng qadimiy sivilizasiyasidan salom yo‘lladi va tashrifining asosiy maqsadi Iroq hamda AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichini e’lon qilish ekanini bildirdi.
Iroq rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Iroq, Amerikaning “Chevron” va “TI Capital” kompaniyalari hamda Qatarning “UCC” shirkati o‘rtasida Basradan Hadita orqali Turkiyaning Jayhon va Suriyaning Baniyos portlariga neft quvurini qurish bo‘yicha kelishuv imzolanishi mumkin. Quvurning loyihaviy quvvati sutkasiga qariyb 2 million barrel neftni tashkil etadi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Eronning Iroqdagi ta’siri bo‘ldi. Vashington Bag‘doddan mamlakatda faoliyat yuritayotgan eronparast qurolli guruhlarni qurolsizlantirishni talab qilmoqda. Ushbu guruhlarning bir qismi Eron–Isroil urushi boshlanganidan so‘ng Amerikaning harbiy bazalari va diplomatik ob’ektlariga zarbalar bergan edi.
Bosh vazir 30 sentyabrdan keyin bu guruhlarning mavjud bo‘lishi uchun hech qanday asos qolmasligini ma’lum qildi. AQSh ma’muriyati vakilining aytishicha, Vashingtonning Bag‘dodga nisbatan keyingi qarorlari Iroq o‘z majburiyatlarini qay darajada muvaffaqiyatli bajarishiga bog‘liq bo‘ladi.