Turkiya 21 sentyabrdan Eronning xususiy "Mahan Air" aviakompaniyasiga mamlakat aeroportlarida xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi. Qaror AQSh tomonidan mazkur aviakompaniya bilan hamkorlik qilgan qator turk kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan keyin qabul qilindi.
Yangi tartib "Mahan Air"ning Eron va Turkiya o‘rtasida amalga oshiradigan barcha reyslariga taalluqli bo‘ladi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi avvalroq Eron aviasiya sohasi bilan bog‘liq kompaniyalar, jumladan, yer usti xizmatlari, yuk tashish, ehtiyot qismlar yetkazib berish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi tuzilmalarga nisbatan yangi cheklovlar e’lon qilgan edi.
Sanksiyalar doirasida xorijiy kompaniyalarga Eron tashkilotlari bilan hamkorlikni to‘xtatish uchun muayyan muddat berilgan. Shu bilan birga, hamkorlikni davom ettirgan uchinchi davlat kompaniyalari ham jazo choralariga duch kelishi mumkinligi bildirilgan.
Xususan, Turkiyaning "S Sistem", "Mes Cargo" va "Sky Phoenix" kompaniyalari "Mahan Air"ga ehtiyot qismlar yetkazib berish, aviachiptalar savdosi hamda samolyot xaridi bilan bog‘liq operasiyalarda ko‘maklashgani sabab sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Turkiya rasmiylari ushbu holat "Mahan Air"ga mamlakat hududida xizmat ko‘rsatuvchi boshqa mahalliy tashkilotlar uchun ham moliyaviy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda. Aeroport operatorlari, yerda xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar, chipta sotuvchilari va banklar ham AQSh cheklovlari ta’siriga tushib qolishi mumkin.
Anqara shu bilan birga Eron bilan amaldagi aviasiya kelishuvlari, parvozlar xavfsizligi va mahalliy kompaniyalarni ehtimoliy sanksiyalardan himoya qilish masalalarini hisobga olgan holda boshqa aviakompaniyalar bilan bog‘liq vaziyatni ham o‘rganib boradi.
Istanbul va Tehron o‘rtasida bir kunda kamida uchta reys amalga oshirib kelgan "Mahan Air" O‘mon va Gruziya yo‘nalishlaridagi parvozlarini ham to‘xtatishini ma’lum qildi.